Aks-sado
Dunyo xalqlarining o‘zaro adabiy aloqalari butun insoniyatning madaniy, ma’naviy barkamollikka erishishida, jahon adabiyoti taraqqiyotida katta ahamiyatga ega bo‘lib kelgan.
Shu kunlarda butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham Maxtumquli-Firog‘iy tavalludining 300 yilligi keng nishonlamoqda. Maxtumquli turkiy xalqlarning ulug‘ mutafakkiri, donishmand shoir. Bu sanani keng nishonlash maqsadida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qarorda ham Maxtumqulining jahon adabiyotidagi o‘rni alohida e’tirof etilgan.
Hassos so‘z san’atkorining chuqur gumanizm bilan sug‘orilgan asarlari mard va matonatli, mehnatkash turkman xalqining ezgu qadriyatlari va oliyjanob fazilatlarini tarannum etishi, hamisha xalq bilan hamdard bo‘lishga, turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro ahillik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan mazmun-mohiyati bilan barchamiz, ayniqsa, yoshlar uchun ibrat namunasidir.
Yaqinda Prezidentimiz Shavkat .Mirziyoyev shoir va mutafakkir Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Davlatimiz rahbarining bu nutqi nafaqat xalqimizning, balki butun jahon hamjamiyatining diqqat e’tiboridadir. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida “Maxtumquli o‘zbek xalqi uchun ham g‘oyat ardoqli va suyukli siymo ekani bilan biz haqli ravishda faxrlanamiz. Ul zot Xivadagi Sherg‘ozixon madrasasida tahsil olgan, dunyoviy va diniy ilmlarni chuqur o‘rgangan. Ayni vaqtda u buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy ijodini yuksak qadrlagani ham mushtarak tariximiz sahifalari orqali yaxshi ma’lum.
Bugungi kunda o‘lkamizda Maxtumqulining dilbar she’rlari va qo‘shiqlari doimo yangrab, qalblarimizda yashab kelmoqda. Hech shubhasiz, uning boqiy asarlari azaldan bir-biriga qardosh va yelkadosh bo‘lgan xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda” deya ta’kidladi.
Shu o‘rinda Genrix Geyne “Har bir inson Koinotdir, u inson bilan birga tug‘ilib, birga o‘ladi” deganida odamzotning koinot darajasida beqiyos keng tafakkurga va dunyoviy ilmlarga intilib yashashini va bunda adabiyotning o‘rni beqiyos ekanligini nazarda tutgan, deb o‘ylayman.
Biz buyuk Maxtumquli-Firog‘iy ijodiga nazar solsak, nafaqat inson olamini, balki butun koinotning sir-asrorlarini ham ochiq- oydin tasavvur qila olamiz. Shoir “Bilmasmisan” she’rida:
Maxtumquli so‘zlamoqda to‘qqiz falak Zahrosi
Yetti yulduz qardoshi Oyning, Kunning porasi…
Nuri-diydam chashmasi, Safo, Merve orasi,
Sulaymondek ahdimni sindirganim bilmasmisan?
deb ta’kidlar ekan, har bir satrda butun koinot sir-asrorlariga ishora qiladi. She’rdagi to‘qqiz falak, yetti yulduz, Oy, Kun ta’riflari Maxtumqulining ko‘ngil olamidagi koinotning she’rlaridagi ifodasiga aylanganini ko‘ramiz.
Biz Maxtumqulini nafaqat shoir, balki donishmand faylasuf, astronom, sayohatchi, dunyo xaritasini yaxshi biluvchi geograf, bir so‘z bilan aytganda, dunyoviy ilmlar bilimdoni sifatida haqli ravishda e’tirof etamiz. U butun koinotni, Yer kurrasidagi mamlakatlarni va ular orasidagi masofalarni ham quyidagi she’rida to‘liq ochib bergan.
Mag‘ribdan Mashriqdir dunyoning yuzi
Bir yuz qirq olti ming og‘och bu dunyo… (1 og‘och- 6 km)
…Hisob etdim dunyo boshdan oyoqqa
Uch yuz oltmish yillik yo‘ldir bu dunyo…
Bu she’rda dengiz va daryolar, ular orasidagi masofa, tog‘lar, mamlakatlar o‘rtasidagi masofalar, sahro, cho‘l, ularning chegaralari, dunyo xalqlarining tili singari ma’lumotlar o‘rin olganki, buni o‘qigan inson kichik bir she’rda galaktika va Yer shari to‘g‘risidagi o‘z bilimlarini oshira oladi.
Xalqimiz Maxtumqulini o‘z shoiri deb biladi. Ayniqsa, shoir ijodi qoraqalpoq xalqi mumtoz adabiyotining gultoji hisoblanadi.
Avlodlarga minglab she’r, dostonlar qoldirib ketgan qoraqalpoq xalqining benazir shoiri Berdaqning ruhiy olami Maxtumqulining ilhom sarchashmalari bilan boyigan.
Berdaq bir she’rida:
Maxtumqulini o‘qiganda,
Aytar edim har zamonda,
Nuqson bormi beglar anda,
So‘zin tavob qilar edim…
deya ta’rif bergan.
Shuningdek, qorakalpoq xalqining Ajiniyoz, Kunxo‘ja, Umar, O‘tash singari klassik shoirlari va XX asr adabiyotidagi Sodiq Nurimbetov, Abbos Dobilov, Tilovbergan Jumamurodov, Ibroyim Yusupov singari atoqli namoyondalari ham Maxtumqulini o‘ziga ustoz deb bilgan.
Ajiniyozning “Bu dunyoning ko‘rki odam bolasi”, “Davron bo‘lmadi”, “Ko‘nglim mening” kabi ko‘plab she’rlari Maxtumqulining ruhiy olamini yorqin aks ettiradi.
Ayniqsa, O‘zbekiston Qaxramoni, Qoraqalpog‘iston va O‘zbekiston xalq shoiri Ibroyim Yusupov ijodida Maxtumqulining ustozlik ruhini anglash mumkin. Ibroyim Yusupov Maxtumquli hayoti va ijodini chuqur o‘rgangan va u haqda bir necha maqolalar yozgan, she’rlarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilgan. Ibroyim Yusupovning Maxtumqulidan ruhlanib yozgan “Namasan”, “To‘yi Turkmanning”, “Yodimga tushdi”, “Bo‘lmasa” kabi she’rlarini misol qilib keltirish mumkin.
Maxtumquli “Namasan” she’rida shunday yozadi:
Qaroqchimi, yo saidmi, xo‘jami,
Yo soqiymi, yo sharobmi, yo jommi,
Yo yilmisan, yo kunduzmi, kechami,
Yo Oymisan, yo Kunmisan namasan…
Ibroyim Yusupovning shu uslubda yaratgan she’ri shunday jaranglaydi:
Yil hosil moliga bozor topolmay
Hushyor tortgan karvonmisan, nimasan?
Yurakda she’r bo‘lib, sirtga chiqolmay
Yig‘lab ketgan armonmisan, nimasan?
Ko‘rinib turibdiki, Maxtumquli she’riyati bilan qoraqalpoq klassik shoirlari ijodidagi uslub ikki xalqning qadriyatlari, ma’naviyati, urf-odatlari, o‘zaro bag‘rikenglik, birodarlik fazilatlarining mushtarakligidan dalolatdir.
Shu o‘rinda adabiyotshunos olim, xalqaro Maxtumquli-Firog‘iy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, filologiya fanlari doktori marhum Karimboy Quramboyevning “Qoraqalpoq-Turkman adabiy aloqalarida Maxtumquli ijodining vositachilik roli” maqolasini alohida yodga olsak.
– Qoraqalpog‘istonda Maxtumquli ijodiga qiziqish hech qachon pasaygan emas, aksincha, yillar o‘tgan sari shoir merosini yangi mezonlar, yangi qarashlar asosida o‘rganish, targ‘ib va tarjima qilish tadbirlari kuchayib boradi.
Ayniqsa, mustaqillik yillarida Maxtumquliga murojaat hayotiy zaruratga, ma’naviy ehtiyojga aylanib bormoqda. Shoirning har bir she’rida ilgari surilgan g‘oyalar nainki kitobxon, balki ijod ahli uchun ham ma’naviyat bulog‘idir. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bugungi qoraqalpoq adabiyoti vakillari, shoirlar Maxtumquliga qayta-qayta murojaat etmoqda, asarlaridan ruhlanib original she’rlar, naziralar, muxammaslar, o‘xshatmalar yaratmoqda. T.Qabulov, A.Ajiniyozov, K.Rahmonov, J.Izbosqonov, U.Pirjanov, A.O‘tepbergenov, T.Sarsenboyevdek shoirlarning Maxtumquli yo‘lida yozgan turkum she’rlarini, g‘azallariga bog‘lagan muxammaslarini, bag‘ishlovlarini ibratli tajribalar tarzida tilga olib o‘tish lozimdir. Hozir ularni nomma-nom sanasak, kattagina ro‘yxat yuzaga keladi. Bular Maxtumquliga ergashishning yorqin misoli, ijodiy ilhomning samaralaridir, – deb e’tirof etadi olim.
Maxtumquli ijodining barcha davrlarida, bugungi kunda ham ijod ahlining ruhiy olamini boyitib kelayotgani sir emas. Davlatimiz rahbarining Turkmanistonga tashrifi Maxtumquli xalqimiz uchun nihoyatda hurmatli, ardoqli, e’zozli siymo ekanligini yana bir bor namoyon qildi.
Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyeyov “Maxtumquli-Firog‘iyning 300 yilligiga” esdalik medali bilan taqdirlanganligi o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik, birodarlik, hamkorlikning mevasidir.
Ishonch bilan aytish mumkin-ki, Maxtumquli ijodi chin ma’noda asrlardan asrlarga o‘tib, inson qalbini hayotga muhabbat, Vatanga sadoqat, halqiga saxovat, kelajakka ishonch tuyg‘ulari bilan to‘ldirib, mangu yashayveradi.
Guliston ANNAQILICHEVA,
“Qoraqalpoq adabiyoti” gazetasi bosh muxarriri,
Qoraqalpog‘iston xalq shoiri.
O‘zA