Samarqandda Qatar fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi (QCAA) O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlatlari fuqaro aviatsiyasi mas’ullari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda aviatsiya sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish va kelajakdagi strategik sheriklik masalalari yuzasidan fikr almashildi. Davlatlar o‘rtasida muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yish va yo‘lovchilarga yuqori sifatli, xavfsiz xizmat ko‘rsatish bo‘yicha birgalikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Samarqand uchrashuvlari doirasida “O‘zaviatsiya” agentligi va Qatar davlati aviatsiya ma’muriyati vakillarining o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda tomonlar inspektorlarni tayyorlash va malakasini oshirish, xalqaro havo transportini rivojlantirish, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, IKAO auditiga tayyorgarlik ko‘rish, o‘tkazish bo‘yicha tajriba almashish va hamkorlik masalalari bo‘yicha kelishib oldilar.

Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston vakillarining Qatar hukumatining grant dasturlari asosida meteorologiya, havodagi harakatni boshqarish, uchuvchilik va muhandislik yo‘nalishlarida aviatsiya mutaxassislarini tayyorlash dasturlarida ishtirok etish masalalarini muhokama qildilar.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri