Saylovlar demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va yangilangan Konstitutsiyani amalda tatbiq etishning yangi bosqichi sifatida – haftalik ilk sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Xabar berganimizdek, poytaxtimizda 300 dan ziyod xorijiy ekspertlar ishtirokida Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. Chet ellik jurnalist, teleboshlovchi va tok-shou boshlovchisi Ali Aslan moderatorlik qilayotgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov nutq so‘zlab, saylov qonunchiligidagi yangiliklar xususida ma’lumot berdi.

Ishtirokchilar tomonidan Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada kuchli parlamentarizm va joylarda vakillik organlarining vakolatlari yanada kuchaytirilgani qayd etildi. Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa 14 tadan 18 taga ko‘paytirildi. Parlamentning ijro etuvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar ustidan nazorat funksiyalari kengaytirildi. Hokimlarning 33 ta vakolatlari mahalliy Kengashlarga o‘tkazildi. Bu esa partiyalar va nomzodlar o‘rtasida faol raqobat muhitini shakllanishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, yig‘ilishning ilk sessiyasi boshlandi – “Saylovlar demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va yangilangan Konstitutsiyani amalda tatbiq etishning yangi bosqichi sifatida” mavzusidagi  ekspertlar muhokamasida davlat organlari mas’ullari, xalqaro ekspertlar va huquqshunoslar, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari ishtirok etdi.

Munozaraning asosiy maqsadi – O‘zbekistondagi demokratik islohotlarning yangi bosqichi doirasida saylovlarning ahamiyati, saylov qonunchiligidagi yangiliklar va ularning amaldagi samaradorligini ko‘rib chiqish, shuningdek, “Inson qadri uchun” degan tamoyilga asoslangan huquqiy islohotlarning mohiyatini jahon hamjamiyatiga yetkazishdir.

Tadbir ikki qismga ajratilgan holda davom etdi. Har ikkala sessiyada milliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida sohada amalga oshirilgan ishlar, ilg‘or tajribalar va amaliy yechimlar xususida so‘z bordi. Muloqot davomida yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekiston “huquqiy davlat” degan tamoyil qat’iy qilib belgilanganligi, inson huquq va erkinliklari borasidagi normalar 3 baravarga ko‘paytirilgani, inson sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi mustahkamlangani, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilangani hamda ularning xalqaro huquq normalariga to‘liq hamohang ekani alohida qayd etildi.

Anjumanda, shuningdek AQSH, Polsha, Irlandiya, Finlyandiya, Shvetsiya, Janubiy Koreya, Turkiya va Qozog‘iston kabi qator davlatlardan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar O‘zbekistonda saylov qonunchiligi va huquq sohasida amalga oshirilgan ishlar, ilg‘or tajribalar va amaliy yechimlarni e’tirof etdi.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, mamlakatimizdagi islohot siyosiy kuchlar muvozanatini yaxshilaydi va eng ilg‘or xalqaro amaliyotlarga mos keladigan tarzda saylovlarning legitimligini ta’minlaydi.

Tadbir davomida siyosiy hayotda ayollarning o‘rni alohida tahlil qilindi. Ta’kidlanganidek, saylov jarayonini tashkil qilish va o‘tkazishda, nomzodlarni ko‘rsatishda ayollarni o‘rni oshdi. Jumladan, saylov komissiyasi tarkibini shakllantirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida hududiy saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlardagi xotin-qizlarning ulushi kamida 30 foiz, shuningdek, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz bo‘lishi belgilandi.

Xorijiy mutaxassislar inson huquqlarini ta’minlash borasidagi ishlarni yuqori baholashyapti. Ekspertlar muhokamasida, shuningdek, O‘zbekistonda inson huquqlarini mustahkamlashga doir so‘ngi huquqiy islohotlar ko‘rib chiqildi. Yurtimizda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga tizimli hamda bosqichma-bosqich shaklda implementatsiya qilinayotgani alohida e’tirof etildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan 80 dan ortiq inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro hujjatlar, shu jumladan, BMTning 7 ta asosiy shartnomalari va 4 ta fakultativ protokollari qoidalari milliy qonunchilikda o‘z aksini topgan. Bu esa mamlakatning xalqaro standartlarni milliy huquqiy tizimga implementatsiya borasidagi sa’y-harakatlarini yaqqol ko‘rsatadi.

Anjumanda O‘zbekistondagi demokratik o‘zgarishlar bo‘yicha xalqaro ekspertlarning tahlili taqdim etildi. Inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Behruz Xudoyberdiyev,

Asliddin Alijonov (foto),

O‘zA