O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.
Unga muvofiq:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi;
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaning tarkibi tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayrami Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda keng nishonlanadi.
Barcha hududlarda aholining keng qatlamlari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga bag‘ishlangan ma’naviy- ma’rifiy anjumanlar, ochiq muloqot va suhbatlar, badiiy kechalar, festivallar, sayillar, madaniyat va sport tadbirlari, atoqli ilm-fan namoyandalari, madaniyat va san’at arboblari, keksa va yosh avlod vakillari, taniqli sportchilarni jalb etgan holda bayram tadbirlari amalga oshiriladi.
Farmonda joylarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramini bugungi davr ruhiga hamohang tarzda nishonlash maqsadida:
yangilangan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar haqida mahallalar, ta’lim va mehnat jamoalarida ma’rifiy uchrashuv va suhbatlar o‘tkazish;
so‘nggi yillarda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy hayotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning o‘rni va rolini yoritish;
“Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyatini, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida inson huquq va erkinliklari sohasida mutlaqo yangi bosqichga o‘tilganligini ochib berish;
mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini ta’minlash, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, oila, onalik, bolalik va otalikni himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini keng targ‘ib qilish;
“Konstitutsiya oyligi” doirasida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarida barcha o‘quvchi va talabalarni qamrab olgan holda Konstitutsiya darslarini o‘tkazish ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘zA