Bugun, 15 dekabr kuni erta tongda Birlashgan Millatlar tashkiloti Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining gumanitar yuki ortilgan ikkita maxsus yuk mashinasi Termiz orqali Afg‘onistonning Mozori Sharif shahriga jo‘natildi.

Mazkur yuk BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sayi-harakatlarining bir qismi bo‘lib, afg‘on xalqiga hayotiy yordam ko‘rsatishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Insonparvarlik yordami  BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Surxondaryo viloyatidagi “Termez Cargo Centre”da O‘zbekiston hukumati ko‘magida tashkil etilgan gumanitar markazidan yuklanib, qo‘shni davlatga yuborildi. Zamonaviy terminal O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasidan ikki kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, bu yerda yuklarni saqlash va qo‘shni mamlakatga jo‘natish uchun yetarli sharoit yaratilgan.
Afg‘onistonga yuborilgan dastlabki qirq tonnaga yaqin gumanitar yuk oshxona anjomlari, plastmassa qoplama va boshqa zarur hayotiy narsalardan iborat. Gumanitar yordam yuklari joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida havo va quruqlik orqali Termizga yetkazilib, “Termez Cargo Centre” terminalida saqlanayotgan edi.

–Biz, O‘zbekiston hukumati va Termizdagi hamkorlarni afg‘on xalqiga juda zarur gumanitar yordam ko‘rsatish uchun doimiy qo‘llab-quvvatlayotganini qadrlaymiz,– deydi BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining katta maslahatchisi janob Frank Remus.– Hozir izg‘irin sovuq oldidan millionlab afg‘onlar oziq-ovqat yetishmovchiligiga duch kelayotgan bir paytda ularning hayotini saqlab qolish va oldini olish uchun shoshilinch yordam zarur. Buning uchun “Termez Cargo Centre”dagi gumanitar markazda barcha qulaylik mavjud. Markaz  qo‘shni davlatga juda yaqin hududda joylashgan. Bu yukni Afg‘onistonning Mozori Sharif shahridagi omborimizga olib borib, joylashtiramiz. U yerdan ehtiyojmandlarga tarqatiladi. Kelgusida qish uchun issiq ko‘rpa-to‘shak va boshqa zarur narsalarni yetkazib berishni mo‘ljallayapmiz.
BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarligi Boshqarmasi Termizga gumanitar yuklarini oldindan joylashtirib, Afg‘onistonda kutilayotgan favqulodda vaziyatlarga puxta hozirlik ko‘rdi. Endilikda gumanitar markazdan Termizdagi yuklarni jo‘natadigan muhim punkt sifatida foydalanilmoqda.
–Biz, yaqin qo‘shnimiz Afg‘onistonda tinch, barqaror hayot bo‘lishini istaymiz, – deydi “Afg‘on-Umid trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati haydovchisi Bahodir Bo‘riyev. – O‘zbekiston va Afg‘onistonni  Amudaryo ajratib turadi. O‘tmishda ham bu xalq bilan munosabatlarimiz juda yaqin bo‘lgan. Savdo-sotiq rivojlangan. Men qariyb yigirma yildan buyon yuk mashinasida Afg‘onistonga qatnayman. Hozir qo‘shnilarimiz ancha tinchib qolishdi. Qani edi dunyo hamjamiyati  ularning inqirozdan chiqib ketishiga ko‘maklashsa, balki, qo‘shnilarimiz hayoti ham o‘zgarishga yuz tutarmidi, degan hayollarga boraman. Bu insonparvarlik yukini olib ketayotganimdan mamnunman.
BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi faoliyati davomida Afg‘onistondagi favqulodda vaziyatlarni yumshatish uchun barcha turdagi insonparvarlik yuklarini Termiz orqali jo‘natadi.

 

 Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA