Mamlakatimizda bugungi kunda adabiyot, san’at va madaniyatni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Adabiyot rivojiga katta hissa qo‘shgan, o‘lmas badiiy asarlari bilan xalq mehrini qozona olgan shoir va adiblarning qutlug‘ yoshlari keng miqyosda nishonlanayotgani ham so‘zimizning dalilidir.
O‘z asarlari orqali millionlab kitobxonlar qalbidan joy olgan ijodkor O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov nomini abadiylashtirish, ijodini o‘rganish va keng targ‘ib qilish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatrida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat vazirligi hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida shoir xotirasiga bag‘ishlab adabiy-badiiy kecha tashkil etildi.
Tantana avvalida Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Abdulla Oripov ijodiga oid kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi va tadbirga tashrif buyurgan adabiyot ixlosmandlari shoir adabiy-badiiy ijod namunalaridan bahramand bo‘lishdi.
Tadbirga taniqli davlat va jamoat arboblari, shoir va yozuvchilar, adabiyotshunoslar, xorijlik mehmonlar, talabalar, ijodiy tashkilotlar vakillari, keng jamoatchilik vakillari jam bo‘lishdi. Shoirning hayoti va ijodiy faoliyati, O‘zbekiston davlat madhiyasining yaratilishi jarayonlari hamda yurtimizning diqqatga sazovor maskanlari aks ettirilgan bilan bog‘liq videolavhalar namoyish etildi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov kirish so‘zi bilan ochib, ulug‘ shoir shaxsiyati, boy adabiy merosi, jamoat arbobi sifatidagi faoliyati haqida to‘xtalib o‘tdi.
– Abdulla Oripov deganda xalqimiz ko‘z o‘ngida o‘zining noyob iste’dodi va milliy adabiyotimiz rivojiga juda katta hissa qo‘shgan ulug‘ ijodkor siymosi namoyon bo‘ladi. Buyuk so‘z san’atkori murakkab bir davrda xalqimiz orzu-umidlarining kuychisi bo‘lgan jasoratli shoir sifatida maydonga chiqdi va jonajon yurtimizni cheksiz mehr bilan “O‘zbekiston Vatanim manim”, deya baralla kuylay olgan ulkan qalb va jasorat sohibidir, – dedi Abdujabbor Abduvohidov.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Abdulla Oripov ijodining turkiy xalqlar adabiyoti rivojidagi o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Joriy yilda “Abdulla Oripov ijodiy merosining o‘zbek va jahon adabiy-estetik tafakkuri taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy onlayn konferensiya, uyushma tomonidan Adiblar xiyobonida Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi, Ijod maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Mitti yulduz jilolari” she’riyat bellashuvi, ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari, mahallalar, harbiy qismlar hamda Adiblar xiyobonida taniqli ijodkorlar, olimlar, madaniyat va san’at namoyondalari ishtirokida shoir ijodiga bag‘ishlangan turli uchrashuvlar, davra suhbatlari hamda kitobxonlik kechalari o‘tkazildi.
Shoir asarlarini nashr etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 2 jildlik “Tanlangan asarlar” to‘plami, Abdulla Oripovning jamoatchilikka e’lon qilinmagan ilk she’rlari asosida tayyorlangan “Shoirning tug‘ilishi” to‘plami, Abdurahim Erkayevning “Abdulla Oripov dahosi”, shoir haqidagi xotiralardan iborat “O‘zbekiston – dilbar vatanim”, qoraqalpoq tilida “Oqar daryo”, turkman tilida “Sen bahorni sog‘inmadingmi?”, “Abdulla Oripov zamondoshlari xotirasida”, “Mening O‘zbekistonim” nomli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) kitoblari chop etildi.
Tadbir mehmonlariga Abdulla Oripovning “Tanlangan asarlar”i, “Mening O‘zbekistonim”, “Veter moyego kraya” hamda “Abdulla Oripov dahosi” kitoblari sovg‘a qilindi.
Tadbirda Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari atoqli shoir she’rlaridan namunalar o‘qidi. Tantanali kechada O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari shoir qalamiga mansub she’rlarni ingliz, fransuz, nemis, yapon, xitoy, koreys, arab tillarida aytib berishdi. Tantanali kechada el ardog‘idagi san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari, Abdulla Oripovga hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Yillar armoni” nomli spektakldan parcha namoyish etildi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan anjumanda yig‘ilganlar yana bir bor ulug‘ shoirning betakror she’riyatiga oshno bo‘ldi. Ustozning Vatan va millat taraqqiyoti to‘g‘risidagi hayotbaxsh g‘oyalaridan bahra oldi. Bu kabi ishlar esa xalqimizning ardoqli shoiri Abdulla Oripovning umrboqiy she’riyatiga muhabbat va qiziqish yanada ortishiga xizmat qiladi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA