22 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi doirasida Markaziy Osiyo va AQSH tashqi siyosiy idoralari rahbarlarining “C5+1” shaklidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Videokonferensiya orqali o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari va AQSH Davlat kotibi ishtirok etdi.

Tashqi siyosiy idora rahbarlari iqtisodiyot, mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, COVID-19 pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etish sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan muhokama olib bordi.

Uchrashuvda Afg‘onistondagi vaziyat ham ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, gumanitar inqirozning oldini olish uchun afg‘on xalqiga yordam ko‘rsatish, ushbu mamlakatning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvini ta’minlaydigan infratuzilma loyihalarini amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Shu o‘rinda mintaqadagi mamlakatlar barqarorligi va xavfsizligiga tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasidagi xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimligi alohida qayd etildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilindi

 

Behruz XUDOYBERDIEV,

O‘zA muxbiri