Polsha Davlat kotibi, Milliy xavfsizlik byurosi rahbari Pavel Solox boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

14 sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati va Polsha Milliy xavfsizlik byurosi o‘rtasida navbatdagi maslahatlashuv o‘tkazildi.

Pavel Solox uchrashuv avvalida Afg‘onistondan Polsha, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Afg‘oniston fuqarolarini evakuatsiya qilishda ko‘rsatilgan har tomonlama ko‘mak uchun O‘zbekiston rahbariyatiga Polsha Prezidenti Anjey Dudaning samimiy minnatdorligini yetkazdi.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekiston bilan Polsha o‘rtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildi.

Maslahatlashuv yakunlari bo‘yicha 2021-2022 yillarda xavfsizlik sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”, 2021-2023 yillarda Xavfsizlik kengashi apparati bilan Polsha Milliy xavfsizlik byurosi o‘rtasida hamkorlik rejasi, Ikki tomonlama maslahatlashuv yakunlari bo‘yicha protokol imzolandi.

Polsha delegatsiyasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi hamda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida ham uchrashuvlar o‘tkazdi.

Tashrif doirasida mehmonlar Toshkentdagi Rim-katolik cherkovini ziyorat qildilar. Shuningdek, polyak armiyasi generali Vladislav Anders sharafiga o‘rnatilgan yodgorlik poyiga gul qo‘yish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

 

Saidmurod Rahimov, O‘zA