Prezident Shavkat Mirziyoyev yozgi Olimpiya o‘yinlarida jamoamizga ilk oltin medalni taqdim etgan 19 yoshli taekvondochi Ulug‘bek Rashidov va uning ota-onasi Ismatilla Rashidov va Oksana Danilenkoga el-yurtimiz nomidan tashakkur bildirdi.

Ulug‘bek O‘zbekiston tarixida Olimpiya oltin medalini qo‘lga kiritgan eng yosh sportchi sifatida nom qozondi.

Mahoratli polvonimiz Akbar Jo‘rayevning umumiy hisobda 430 kilogrammlik marrani egallab, Olimpiya rekordini o‘rnatgani va ikkinchi oltin medalni qo‘lga kiritgani barchamizga ulkan quvonch bag‘ishladi.

– Mana shunday mard va pahlavon yigitni tarbiyalagan Akbarjonning onasi Hafizaxon Normatovaga samimiy rahmatimizni aytamiz, – dedi Prezident.

Alpomishlar yurti – Surxon zaminida tug‘ilgan Bahodir Jalolovni hammamiz yaxshi bilamiz. Davlatimiz rahbari ismi jismiga mos bu azamat yigit va uning onasi Sabohat Jalolovani ham qizg‘in qutladi.

– Men Bahodir bilan avval ham uchrashib, dildan suhbatlashganimni yaxshi taassurotlar bilan eslayman. Yengilmas bokschimiz o‘tgan vaqt davomida o‘z ustida tinimsiz ishlab, yoshlarimizga namuna bo‘ldi. Bahodir o‘z onasiga, xalqimizga bergan va’dasining ustidan chiqib, Vatanimizga uchinchi oltin medalni tuhfa qildi. Shu tariqa o‘zbek boks maktabining shon-shuhratini yanada yuksak bosqichga olib chiqdi, – dedi davlatimiz rahbari.

Milliy dzyudo maktabining zabardast vakili Davlat Bobonov va mahoratli erkin kurashchimiz Behzod Abdurahmonov Tokiodagi keskin bellashuvlarda bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Prezidentimiz Davlatjonning ota-onasi Husniddin aka va Nuriyaxon opa, Behzodning otasi Muhammadjon Abdurahmonov va onasi Muhabbatxon opa va ularning ustozlariga ham alohida minnatdorlik bildirdi.

– Tomirlarida Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Pahlavon Mahmud, Zahiriddin Bobur kabi buyuk ajdodlarimizning kuch-g‘ayrati jo‘sh urib turgan, ularga har tomonlama munosib bo‘lgan avlodgina bunday ulkan ishlarga qodir bo‘ladi. bugungi kunda butun O‘zbekiston siz, bahodir o‘g‘lonlarini olqishlamoqda, jahon ahli sizlarga tan bermoqda, deya ta’kidladi Prezident.

 

O‘zA