Bugun, 24 iyun kuni investitsiya va eksport sohalaridagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida “Charmsanoat” uyushmasiga joriy yilda 221 million dollarlik 248 ta loyihani yakuniga yetkazish bo‘yicha topshiriq berildi.

Tarmoqdagi mavjud quvvatlar ayollar poyabzaliga talabni – 36 foiz, bolalar poyabzaliga – 70 foiz, sun’iy charmga – 13 foiz, charm-attorlik mahsulotlariga – 75 foizga ta’minlaydi, xolos.

Prezidentimiz mutasaddilarga bir oyda Andijon, Shahrixon, Jizzax, Namangan, Marg‘ilon, Qo‘qon, Nurafshon va Ohangaron shaharlari, Urgut va Samarqand tumanlarida charm mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha kichik sanoat zonalarini tashkil qilish yuzasidan topshiriq berdi.

Ushbu hududlarda loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha 50 million dollar kredit liniyasi ajratiladi.

Xuddi shu kabi, yil yakuniga qadar elektrotexnika ishlab chiqarish hajmini 15 trillion so‘mga yetkazish, buning uchun umumiy qiymati 140 million dollarlik 45 ta loyihani ishga tushirish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.

Shuningdek, Farmatsevtika agentligi viloyat hokimlari bilan birga, joriy yilda umumiy qiymati 146 million dollarlik 36 ta loyihani ishga tushirishi shart va zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, Toshkent viloyatida – 7 ta, Namanganda – 6 ta, Andijon va Samarqandda – 4 tadan, Toshkent shahri va Sirdaryoda – 3 tadan, Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Farg‘onada – 2 tadan, Qashqadaryo, Navoiy va Surxondaryoda – 1 tadan loyiha ishga tushirilishi kerak.

 

O‘zA