Prezidentimiz tumandagi sobiq «Kanop» zavodi hududida bo‘lib, qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlarini ko‘zdan kechirdi, agrar sohani rivojlantirish loyihalari bilan tanishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida yetishtiriladigan xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish jarayonini o‘z ichiga olgan klasterlar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Bunday chora-tadbirlar yaxshi natija bermoqda.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizda, jumladan, Piskent, O‘rta Chirchiq, Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on va Bo‘ka tumanlarida tashkil etiladigan paxta-to‘qimachilik klaster loyihalari bilan tanishdi. Xususan, Quyi Chirchiq tumanida 2018-2020-yillarda paxta yetishtirishdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni o‘zida to‘la jamlagan klaster loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shu maqsadda 59 million dollardan ziyod investitsiya jalb etiladi, 600 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Joriy yil mamlakatimizda 60 dan ziyod ana shunday loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Quyi Chirchiq tumanida «Gold Agro Standart» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan go‘sht yetishtirishga ixtisoslashgan qiymati 7 milliard so‘mlik bo‘lgan chorvachilik fermasi tashkil etilmoqda. 2018-yilning 4-choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan mazkur majmuada yiliga 360 tonna go‘sht va go‘sht mahsulotlari aholiga yetkazib beriladi. Loyiha amalga oshirilgach 25 nafar aholi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.

Bekobod tumanida agrologistika markazi tashkil etish loyihasida meva-sabzavotlarni muzlatish, quritish, qadoqlash va saqlash ko‘zda tutilgan. Umumiy maydoni 2,5 gektar bo‘lgan markaz 2019-yilning 3-choragida ishga tushiriladi. Buning natijasida 200 nafar aholi bandligi ta’minlanadi. Yiliga 8,6 million dollarlik mahsulot Yaponiya, Janubiy Koreya va Yevropa Ittifoqiga eksport qilinadi.

Shuningdek, Toshkent viloyatida amalga oshiriladigan chorvachilik, parrandachilik, baliqchilikni yanada rivojlantirish, kanop yetishtirish, sholini qayta ishlash, sport va xizmat otlari uchun karantin hamda veterinariya xizmati ko‘rsatish bo‘yicha hamda ot zavodi majmuasi, issiqxonalar tashkil etish kabi loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi.

 

Umar Asrorov, O‘zA