O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev 22 iyun kuni “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” mavzusidagi xalqaro forum doirasida Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasi a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasi a’zolari, Oliy Majlis Senati vakillari va Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasi o‘rtasida parlamentlararo munosabatlarni yanada mustahkamlash chora-tadbirlari yuzasidan fikr almashdi.

Turkiy kengashga a’zo davlatlar parlamentlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida muntazam ravishda delegatsiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Tadbirda savdo-iqtisodiy, turistik, ilmiy, madaniy va boshqa yo‘nalishlardagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan, Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasi doirasidagi o‘zaro sheriklikni yanada mustahkamlash bo‘yicha qator masalalar ko‘rib chiqildi.

Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasi a’zolari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, xususan, tadbirkorlikni rivojlantirish, logistika va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha harakatlar strategiyasini yuqori baholadi.

– O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasiga a’zo bo‘lishi juda muhim masala. Biz bu borada uzoq vaqt ish olib bordik. Turk Parlament assambleyasi O‘zbekistonning a’zoligisiz kuchli ittifoq bo‘la olmaydi, – dedi TurkPA Huquqiy masalalar va xalqaro aloqalar komissiyasining raisi, Turkiya Buyuk Millat Majlisining deputati Ismet Uchma.

Uchrashuvda mamlakatimizning TurkPA bilan ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishlardagi aloqalari ham rivojlanib borayotgani qayd etildi. Bunga 23-24 iyun kunlari Buxoro shahrida bo‘lib o‘tadigan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” mavzusidagi xalqaro forum yaqqol misol bo‘ladi.

Muloqotda ushbu forum yuzasidan ham fikrlar almashildi.

 

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA