Parlament quyi palatasining navbatdagi majlisida “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari kuchaytirilmoqda.

Shuningdek, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va fuqarolarga suv ob’ektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalari rejimini buzish taqiqlanishi belgilanib, yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan beriladigan ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi tartibi kiritildi.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilishni jadallashtirish, suvdan oqilona foydalanishga, suv xo‘jaligi ob’ektlaridan foydalanishda davlat-xususiy sherikligi tamoyillarini joriy qilish va davlat byudjeti xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham xalq vakillari tomonidan birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Mazkur qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslarida apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlarining mazmunida va qaytarish asoslarida nazarda tutilgan byurokratik to‘siqlar bartaraf etilmoqda.

Qonun jismoniy va yuridik shaxslarning odil sudlovga erishish darajasini oshirishga, ularning ortiqcha sarf-xarajatlarini tejashga, mamlakatning xalqaro reytinglardagi nufuzini oshirishga hamda qonunchilikdagi ayrim bo‘shliqlarning bartaraf etilishiga xizmat qiladi.

Deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kun tartibidagi navbatdagi masala – “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdi.

Qonun loyihasi bilan Fuqarolik protsessual kodeksida yangi institut joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, soddalashtirilgan tartibda ish yuritish agar da’voning bahosi yuridik shaxslarga nisbatan – bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan, yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan esa – o‘n baravaridan, fuqarolarga nisbatan esa – besh baravaridan oshmasa, da’vo arizalari bo‘yicha ishlar soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilishi lozimligi belgilanmoqda.

Shuningdek, soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi ish da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish haqida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran yigirma kundan oshmagan muddatda ko‘rib chiqilishi ko‘zda tutilmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA