To‘qimachilik sanoati Andijon viloyatidagi “drayver” sohalardan. Bugun bu yerda 700 ga yaqin shunday korxonalar faoliyat yuritmoqda.
Andijon shahridagi “Dinar group” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan tikuvchilik korxonasi – shulardan biri.
Umumiy qiymati 10 million AQSH dollari bo‘lgan ushbu loyiha uchun qarovsiz bino “nol” qiymatda berilgan edi. Atigi yetti oyda bu yerda zamonaviy korxona paydo bo‘ldi.
Yangi korxonaga Italiya, Avstriya va Turkiya kabi davlatlardan mato bo‘yash va tikuv uskunalari keltirib o‘rnatildi. 1000 ta ish o‘rni yaratildi. Korxona yiliga 3,5 million dona tayyor trikotaj va 5 ming tonna yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatiga ega.
O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ dasturiga a’zo bo‘lishi bilan bu korxona uchun ham keng yo‘l ochildi. Mahsulotlar 100 foiz eksportga yo‘naltirilmoqda. bugungi kunda xorijiy davlatlar buyurtmalari asosida 50 dan ortiq turdagi yarim tayyor va 100 xildan ortiq tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Yillik eksportni 40 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Bo‘sh turgan inshootlardan samarali foydalanishga qaratilgan iqtisodiy siyosat natijasiga Andijon shahridagi “Diromm” fabrikasi ham misol bo‘la oladi. Uning binosi 1980 yillarda qurilgan, uzoq vaqt ishlamasdan, tashlandiq holga kelib qolgandi.
“Bobur XBK” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 33 million 500 ming dollar miqdorida investitsiya kiritilgach, bino qiyofasi tamoman o‘zgardi. U mukammal ta’mirlanib, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya va Turkiyaning zamonaviy texnologiyalari o‘rnatildi. Hozir bu yerda 1 ming 500 kishi mehnat qilmoqda. To‘liq quvvatda 2 ming 700 ta doimiy ish o‘rni bo‘ladi.
bugungi kunda korxonada 200 turdagi jinsi mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Matoni bo‘yashdan tortib, tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayon zamonaviy texnologiyalar yordamida amalga oshirilmoqda.
Bu fabrikada ham mahsulotlar to‘liq eksport qilinadi. Mo‘ljal – yiliga 25 million dollarlik mahsulotni xorijga yetkazib berish.
Prezidentimiz yangi korxonalardagi ish jarayonini, mahsulot namunalarini ko‘zdan kechirdi. Mutasaddilarga korxonalar faoliyatini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.