Oliy ta’lim sohasi bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida yil yakunigacha barcha rektor va prorektorlar faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqilib, oliygohlarning kamida 1 nafar prorektorini chet elda o‘qigan malakali mutaxassislardan tayinlash kerakligi qayd etildi.

Shuningdek, 30 ta oliygoh tanlab olinib, kelgusi yil 1 yanvardan ularga moliyaviy mustaqillik beriladi.

Prezident oliygohlardagi bugungi o‘qitish tizimi va ta’lim yo‘nalishlari mehnat bozoridagi malakali mutaxassislarga bo‘lgan talabni to‘la qondira olmayotganini tanqid qildi.

Hozir xizmat ko‘rsatishda – 40 mingta, sanoatda – 38 ming, aloqa va axborot texnologiyalarida – 4 ming, qurilishda – 12 ming, qishloq xo‘jaligida – 10 mingta oliy ma’lumot talab etadigan bo‘sh ish o‘rinlari mavjud.

Biroq, joriy yilda xizmat ko‘rsatish kasbi bo‘yicha 22 ming nafar (20 foiz), sanoat yo‘nalishida 23 ming nafar (21 foiz) va qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha atigi 7 ming nafar talaba mehnat bozoriga kirib keladi. Sababi, oliygohlar bilan mehnat bozoridagi zamonaviy ehtiyojlar o‘rtasida uzilish juda katta.

Ta’lim jarayoni 2001 yilda tasdiqlangan standartlar asosida amalga oshirilmoqda. Vaholanki, o‘tgan davrda Ta’limning xalqaro standartlari 2 marta yangidan qabul qilingan.

Shuningdek, o‘quv darslari zamon va bozor ehtiyoji, talabalar kasb ko‘nikmalarini shakllantirishga emas, balki oliygoh professor-o‘qituvchilariga moslashgan. Oliygohlarda talabalar ta’lim yo‘nalishiga daxldor bo‘lmagan fanlar bilan band.

Misol uchun, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida «biznesni boshqarish» yo‘nalishida 50 ga yaqin fan o‘qitilsa, nufuzli xorijiy universitetlarda ushbu yo‘nalishda bor-yo‘g‘i 30 ta fanni o‘zlashtirish talab etiladi.

Jumladan, bizda maktabda o‘qitilgan tarix, ona tili kabi umumiy fanlar 1-kurs talabalari o‘quv dasturlarining 30-40 foizini tashkil qiladi. Yoki, professorlarimizning o‘quv yuklamasi o‘rtacha 1 ming soat bo‘lib, ularning ilmiy faoliyatga deyarli vaqti yetmaydi. Xorijda bu ko‘rsatkich 200-250 soatni tashkil etadi.

Shu bois, yig‘ilishda ikki oyda Davlat ta’lim standartlarini xalqaro standartlarga moslashtirish va yangi o‘quv yilidan joriy etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi. Bunda barcha oliygohlar o‘quv jarayonlarini kredit-modul tizimiga o‘tkazishi shart.

 

O‘zA