Yoshlar press-klubida xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yuqori ball to‘plagan va imtihon xarajatlari qoplanishi tavsiya etilgan yoshlar bilan Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev uchrashdi.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 3 fevraldagi “2017 – 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy muhofazaga muhtoj talabalarni himoya qilish tizimini takomillashtirish va ijtimoiy adolat tamoyilini ta’minlash maqsadida olib borilayotgan islohotlarning turli yo‘nalishlari haqida ma’lumotlar berildi.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yuqori ball (daraja) to‘plagan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini to‘liq qoplab berish tartibi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, mazkur qaror 2021 yil 13 apreldan kuchga kirdi.

Joriy yil 6 iyunga qadar Yoshlar ishlari agentligiga imtihon xarajatlarini qoplab berishni so‘rab, jami 461 ta ariza kelib tushgan. Shundan, 171 tasi maxsus sertifikat qaror kuchga kirgan sanadan oldin olinganligi sababli rad etildi. 290 nafar yoshning 523 million 405 ming 869 so‘mlik imtihon xarajatlari Yoshlar agentligi tomonidan Xalq bankining hududiy filiallari orqali to‘lab berilmoqda.

 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA