O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan kelayotgan haftada rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Bu Shavkat Mirziyoyevning Prezident lavozimidagi Tojikistonga to‘rtinchi tashrifi. So‘nggi marta davlatimiz rahbari Dushanbega 2019 yilda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning beshinchi sammitida ishtirok etish uchun tashrif buyurgandi.

Prezidentimizning bo‘lajak tashrifi arafasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA Bosh direktori Abdusaid KO‘CHIMOV va Tojikiston Milliy axborot agentligi – “Xovar” direktori Saidali SIDDIQ mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari haqida suhbatlashdi.

A.Ko‘chimov: – Hurmatli Saidali Rajabali, mamlakatlarimiz hamkorligi tarixida yangi sahifa ochilgan kunlarni yana bir bor esga olsak. Ma’lumki, 2018 yil 9-10 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasiga ilk davlat tashrifi bilan borgan edi. Ushbu tashrif ikki mamlakat tarixida yangi davrni boshlab berdi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

S.Siddiq: – Bu chindan ham tarixiy voqea bo‘ldi, negaki O‘zbekiston davlat rahbari qariyb 20 yilda ilk bor mamlakatimizga davlat tashrifi bilan keldi.

A.Ko‘chimov: – Mazkur tashrifga O‘zbekistonda alohida tayyorgarlik ko‘rilgandi. Prezidentimiz Dushanbega borishidan oldin ikki mamlakat o‘rtasida ko‘p yillardan beri yechilmay, gazak olib yotgan ko‘plab muammolar o‘zaro muloqot, bir-birini tushunish va manfaatlarini hurmat qilish asosida ketma-ket yechildi. Mamlakatlarimiz rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi davlatlararo chegaralarni delimitatsiya qilish masalalari to‘liq hal etildi. Toshkent va Dushanbe shaharlari o‘rtasida aviatashuvlar, temir yo‘l qatnovi qayta tiklandi. Samarqand – Panjikent oralig‘ida A-377 xalqaro avtomobil yo‘li ochildi. O‘zbekiston – Tojikiston davlat chegarasida o‘tkazish punktlari o‘z ishini tikladi, bu chin ma’noda birodar xalqlarimizning bayramiga aylanib ketdi.

S.Siddiq: – Bundan oldinroq, 2017 yil mart oyida Dushanbe shahrida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostida milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi va ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillarining biznes-forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgandi. Ushbu tadbirlar ming yillardan buyon yonma-yon yashab, bordi-keldi qilib kelgan, dini, urf-odatlari mushtarak xalqlarimizning mustaqillikdan so‘nggi ilk uchrashuvi bo‘lgandi go‘yo.

A.Ko‘chimov: – O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ko‘rishga kelgan dushanbeliklar hayrat va havas bilan bizning mahsulotlarimizni tomosha qilgani, yon qo‘shnimiz shunday yutuqlarga erishyaptimi, muzlatkichlar, televizorlar, mobil telefondan tortib yengil va yuk avtomobillari, avtobuslar, qishloq xo‘jaligi va maxsus texnikalarni ishlab chiqarayaptimi, degan dil izhorlarini internet orqali o‘qigandik, o‘zimiz ham yoritgandik.

S.Siddiq: – Bu tadbirni yaxshi eslayman. So‘ng Prezidentimizning tashrifi chog‘ida Toshkentda ham “Tojikistonda ishlab chiqarilgan” nomli xuddi shunday ko‘rgazma tashkil etilib, unga tashrif buyurgandik. Ko‘rgazmada mamlakatimizning 60 dan ziyod yirik sanoat korxonalari, shu jumladan, “Talko”, “Gayur sement”, “Mohir sement”, “Faroz”, “Shiri Dushanbe”, “Angisht”, “Namaki Asht va Xojimo‘min”, “Qolinhoi Qayroqqum”, “Amiri”, “Makolli”, “Obi zilol” kabi kompaniyalar hamda metallurgiya, oziq-ovqat, mashinasozlik, mudofaa, kimyo, ko‘mir va yengil sanoat tarmoqlaridagi yirik korxonalarning mahsulotlari namoyish etilgan.

A.Ko‘chimov: – Bugun bu gaplarni aytish osonday tuyuladi. Lekin bir daryodan suv ichib, yonma-yon yashab kelgan ikki xalqning chorak asr bordi-keldi qilmagani ortidan begonaday bo‘lib qolgandik.

S.Siddiq: – Bu haqda o‘ylashning o‘zi azobli: qachonlardir bir-birining borlig‘i bo‘lgan odamlar bir zumda begona bo‘lib qolishlari mumkin ekan. Hozir Rudakiy deb nomlanadigan Lenin tumanimizda ko‘plab o‘zbeklar totuvlikda yashagan va yashaydi. Ayniy temir yo‘l stansiyasi (Dushanbega yaqin) oldida joylashgan, men tug‘ilib o‘sgan Novobod qishlog‘imizda qarshiliklar yashaydi. Biz bir maktabda o‘qiganmiz, biz tojik sinflarida, ular esa o‘zbek sinflarida. Biroq, hech qachon bir-birimizni begonalardek his qilmaganmiz.

A.Ko‘chimov: – Bizda ham shunday bo‘lgan. Men Tojikiston bilan chegaradosh Samarqand viloyatining Urgut tumanida tug‘ilganman. U yerda tojiklar ko‘p bo‘lgan. Har bir to‘yda tojik qo‘shiq-kuylari jaranglagan. Umuman olganda, biz, o‘zbek va tojiklarning faqatgina mentalitetimiz bir xil emas, ko‘shiqlarimiz ham jo‘r bo‘lib jaranglaydi, chunki ohangdoshligi ham bir-biriga o‘xshash… Masalan, “Shashmaqom”ni olaylik. Tojikchadan tarjima qilganda, “Olti maqom” degan ma’noni anglatadi. Bu kuy boshlanganda, u o‘zbek tilida ijro qilinadimi yo tojik tilidami, buni oldindan bilish qiyin.

S.Siddiq: – Nafaqat musiqamizda, balki rasm-rusumlar va diniy marosimlarimizda ham ko‘plab umumiy jihatlar bor. Bizni mushtarak tarixiy taqdir, din, o‘xshash madaniy qadriyatlar, an’ana va urf-odatlar birlashtiradi, taomlarimiz, kiyimlarimiz ham deyarli bir xil. Boshqa millat vakillari odam gavjum joyda tashqi ko‘rinishdan tojik bilan o‘zbekning farqiga borishga qiynaladi. O‘zbeklar ham, tojiklar ham bir-birining boy madaniy merosining ne’matlaridan foydalanadi.

Bularning barchasi mustaqilligimizning ilk yillarida unutilgandek go‘yo. Chegara yopildi, odamlar esa chegaraning ikki tomonida yashaydigan qarindoshlarinikiga bora olmasdi.

A.Ko‘chimov: – O‘zbekistonlik tadbirkor yonida xaridor bo‘la turib, o‘z mahsulotiga uzoqdan mijoz axtarishga majbur edi. O‘ylaymanki, Tojikistonda ham o‘z mahsulotini sotishda shunday muammo edi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti bo‘lgandan so‘ng o‘zaro munosabatlardagi muzlar eridi, xalqlarimiz bir-biri bilan yana topishdi. O‘zbekiston va Tojikistonning mana shu 4-5 yil ichida o‘zaro munosabatlarda erishgan yutuqlarini boshqa mamlakatlarga bemalol namuna qilib ko‘rsatsa bo‘ladi, buni xalqaro ekspertlar ham e’tirof etmoqda. Shunday emasmi?!

S.Siddiq:  Xuddi shunday!

A.Ko‘chimov:  Men bejiz suhbatimizni o‘zaro aloqalar tarixida yangi davrni ochib bergan voqealardan boshlamadim. Ma’lumki, Markaziy Osiyo xalqlarining teng yarmi O‘zbekistonda istiqomat qiladi. O‘zbekiston va Tojikiston nafaqat geografik joylashuviga ko‘ra, balki tarixan va taqdiri chambarchas bog‘liq mamlakatlar hisoblanadi. Shuning uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatidagi faoliyatining ilk kunlaridan boshlab Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Tojikiston bilan ham aloqalarni mustahkamlashga e’tibor qaratdi. Shu jihatdan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning 2018 yil avgust oyida davlat maqomidagi O‘zbekistonga ilk tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaqin siyosiy muloqotning davomi bo‘lgandi. Siz mamlakatingiz delegatsiyasi tarkibida bo‘lgansiz va tashrif davomida ikki mamlakat Prezidentlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, suv-energetika va boshqa muhim sohalardagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga oid dolzarb masalalarni muhokama qilganini o‘zingiz ko‘rgansiz. Amalga oshirilgan ulkan va puxta hamkorlikdagi ishlar samarasi o‘laroq, mamlakatlarimiz o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Bu o‘zaro munosabatlarda yangi davr boshlanganidan dalolat beradi. Umuman olganda, muzokaralar yakunlari bo‘yicha 28 ta ikki tomonlama hujjat imzolangan edi.

S.Siddiq: – Ushbu tashrifdan keyin ham Prezidentlarimiz turli xalqaro sammitlar doirasida bir necha bor uchrashdi. O‘zbekiston Prezidenti Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning (OHICHK) beshinchi sammiti doirasida 2019 yil 14-15 iyun kunlari Dushanbe shahrida bo‘ldi. Davlatlarimiz rahbarlarining turli sanalar munosabati bilan yoki dolzarb masalalar yuzasidan telefon muloqotlari doimiy tus oldi. Mamlakatlarimiz hukumatlari, vazirlik va idoralari, hududlari o‘rtasida delegatsiyalar almashinuvlari muntazam amalga oshirilmoqda.

A.Ko‘chimov:  Bu O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik ikki mamlakat xalqlarining uzoq muddatli manfaatlariga javob beradigan, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va izchil rivojlanishni ta’minlashda asosiy omil bo‘ladigan darajaga ko‘tarilganidan dalolat beradi.

S.Siddiq: – Haqiqatan ham, ikki mamlakat o‘rtasidagi tojiklar va o‘zbeklarning ko‘p asrlik do‘stligiga asoslangan o‘zaro manfaatli munosabatlar so‘nggi 4 yil ichida sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarildi. bugungi kunda Tojikiston bilan O‘zbekiston o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda 70 dan ortiq kelishuvlar imzolangan. Ayni paytda Tojikistonda o‘zbek kapitali, O‘zbekistonda esa tojik kapitali ishtirokidagi o‘nlab korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida Dushanbe va Toshkentda biznes- forumlar o‘tkazila boshlandi, Tojikiston va O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi.

A.Ko‘chimov: – So‘nggi yillarda madaniy-gumanitar aloqalar ham faollashib, bu xalqlarimizni yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda. Toshkentda Tojik milliy madaniy markazi, Dushanbeda esa O‘zbek milliy madaniy markazi ochildi. Ikki mamlakatda ham darslar o‘zbek va tojik tillarida o‘tiladigan maktablar, ikki tilda chop etiladigan gazetalar faoliyat yuritadi. Delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari, ijodiy safarlar tashkil etilmoqda, madaniyat kunlari, konsertlar, ko‘rgazmalar, anjumanlar o‘tkazilmoqda.

S.Siddiq: – Aytgancha, yaqinda, 19-22 may kunlari Tojikistonda O‘zbekiston kinosi kunlari o‘tkazildi. Ikki xalq vakillari ishtirokida konsertlar, adabiy uchrashuvlar o‘tkazish an’anaga aylandi. Bularning barchasi yaxshi, albatta. Chunki madaniyat bu – umuman insoniyatning va alohida bir xalqning eng yuksak yutug‘idir. Bular – moddiy ne’matlar, ilmiy-texnik kashfiyotlar, ma’naviy qadriyatlar, adabiyot va san’at asarlari va boshqalar. Shuning uchun madaniy aloqalar mamlakatlarning tashqi siyosiy faoliyati mexanizmida eng samarali vositalardan biri hisoblanadi. Madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san’at, bu –  butun insoniyatning boyligi, ular chegara va milliy to‘siq bilmaydi. Bunda bir-birining tarixi va madaniyatini e’tirof etib, ularga hurmat bilan munosabatda bo‘lish juda muhim. Buni esa mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi madaniy almashinuv ta’minlashi mumkin.

A.Ko‘chimov: – Shu ma’noda, Dushanbeda Alisher Navoiy nomidagi bog‘ning ochilishini hamda Samarqandda tojik va o‘zbek adabiyotlarining buyuk namoyandalari Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy haykallari o‘rnatilishini mamlakatlarimiz Prezidentlarining hurmat belgisi va xayrli ishi bo‘ldi, deyish mumkin. Bu voqealarni tarixiy degan bo‘lardim, biroq bu nafaqat tarixiy, balki dolzarb ahamiyatga ega, zero, ular bizga o‘zligimizni eslatib turadi. Bugun ularni qayta tiklashimiz va mustahkamlashimiz kerak. Men xalqlarimizning buyuk vakillari – Jomiy va Navoiy, Mirzo Tursunzoda va Jalol Ikromiyning Sharof Rashidov, G‘afur G‘ulom, Zulfiya bilan do‘stligi, Loyiq Sherali va Erkin Vohidovning yaqinligini nazarda tutyapman.

S.Siddiq: – Erkin Vohidov o‘tgan asrning 70-yillarida xalqlarimiz do‘stligi va hamkorligi haqida ko‘p yozgan. Uning bizning saytda ham e’lon qilingan bir she’ri yodimda. Unda shunday satrlar bor:

Biz ikki yondosh yurtga,

Qadrdon jondosh yurtga,

Qadimdan qondosh yurtga

Farzand bӯlamiz, dӯstim.

Tojikchaga to‘g‘ridin-to‘g‘ri tarjima qilinsa, taxminan shunday bo‘ladi:

Mo ba du dӯsti hampahlӯ,

Qadrdonu ҷon ba ҷoni diyor,

Az qadim hamxuni diyor

Farzand meshavem, dӯstam.

A.Ko‘chimov: – Bu she’rning nomi “Tojik birodarimga” bo‘lib, u Toshkentda, adashmasam 1985 yilda shoirning “Bedorlik” kitobida chop etilgan.

Hozir siz bilan ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladigan o‘zbek-tojik adabiy aloqalarini yodga oldik. Ushbu aloqalar turli shaklda namoyon bo‘lib, ularning biri, bu – ikki tillilik yoki zullisonayn. Xabaringiz bor, Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitrat, Ahmadjon Hamdi, Bahriddin Azizi, Rashid Abdullo va boshqalar o‘z asarlarini tojik va o‘zbek tillarida yozgan.

S.Siddiq:  Ha, shunday. Ikki tillilik natijasida she’riyatda o‘ziga xos “shiru shakar” (matn ikki tilda yozilgan) she’riy janri rivojlandi. Masalan, shoirlarimizdan biri shunday yozgan:

“Azizam, xush kelibsiz!” – guftamu og‘ӯsh bikshodam,

Pas az dahsolaho az didani didori tu shodam”.

Maro guftӣ: “Qalay, yaxshimisiz, dӯsti azizi man?”,

Ba xushnudӣ biguftam: “Tu hamesha dar dilu yodam”.

A.Ko‘chimov: – Ajoyib! Shoirga hurmatimni izhor etaman! Buni chin qalbimdan aytyapman. Bu faqat g‘oya va mazmun emas, balki adabiyot janrlari va shakllari ham dolzarb bo‘lishi mumkinligidan dalolat beradi. Zero, “shiru shakar” hozirgi notinch dunyoda muhim bo‘lgan uyg‘unlik va hamjihatlikdagi hayotning ramzidir.

S.Siddiq: – Bugun hamjihatlik va uyg‘unlikka intilish mamlakatlarimiz rahbarlari siyosiy kursining asosiy mazmuni hisoblanadi.

A.Ko‘chimov:  Ikki mamlakat yetakchilarining avvalgi tashriflari haqida fikr yuritdik. O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining qat’iy siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan keng qamrovli hamkorlik aloqalari barcha sohada jadal rivojlanib bormoqda. Ushbu ijobiy jarayonni izchil davom ettirish va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Tojikiston Prezidentining taklifiga binoan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kelayotgan haftada mamlakatingizga rasmiy tashrif bilan borishi rejalashtirilgan. Bo‘lajak tashrif davomida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining yangi kun tartibini belgilash, shuningdek, ko‘p qirrali aloqalarni yirik qo‘shma loyiha va dasturlar asosida kengaytirish mo‘ljallanmoqda. Tojikistonda ushbu tashrifga qanday tayyorgarlik ko‘rilmoqda?

S.Siddiq: – Tayyorgarlik avjida. Hozir O‘zbekiston Prezidenti rasmiy tashrifining mazmuniy qismi tayyorlanmoqda. Aytgancha, Bosh vazirlar Qohir Rasulzoda va Abdulla Aripovning yaqinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida bu haqda so‘z yuritilgan edi. Oliy darajadagi tadbirlar dasturini mazmunan boyitish, shu jumladan, tashrif davomida imzolanishi kutilayotgan hujjatlar loyihalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, uchrashuvda savdo tartib-taomillarini soddalashtirish va mahsulotlarning ikki mamlakat bozorlariga kirishi uchun qulay sharoitlar yaratish orqali o‘zaro savdoni 2020 yildagi 500 million dollardan yaqin yillarda 1 milliard dollargacha oshirish bo‘yicha choralar muhokama qilindi.

Tojikiston iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri Zavqi Zavqizoda va O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov o‘rtasidagi uchrashuv chog‘ida ham O‘zbekiston rahbarining bo‘lajak tashrifiga tayyorgarlik haqida ma’lumot berilgan edi. Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Prezidentining tashrifini yorituvchi jurnalistlarni ro‘yxatdan o‘tkazish boshlanganini e’lon qildi.

Dasturning madaniy qismiga kelsak, ayni paytda bizga O‘zbekistondan bir guruh san’atkorlar kelishi kutilyapti. Ular tojik ijrochilari bilan birga “Qohi Borbad” davlat majmuasida Tojikiston va O‘zbekiston Prezidentlari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan “Do‘stlik kechasi” konsertida ishtirok etadi.

A.Ko‘chimov: – Avvalo savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda boshchiligidagi delegatsiyaning shu yil 14-15 may kunlari Toshkentda Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 8-yig‘ilishida ishtirok etgani bundan dalolat.

Keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdo almashinuvi dinamikasiga nazar tashlasak, ijobiy o‘sishni kuzatamiz. Pandemiyaga qaramay, o‘tgan yil savdo aloqalari izchil davom ettirildi. O‘zaro tovar yetkazib berish hajmi, xizmatlarni hisobga olmaganda, keyingi ikki yilda 10 barobardan ham ko‘paydi. Bunda transport vositalari va xizmatlari, to‘qimachilik va plastmassa mahsulotlari, maishiy texnika vositalari asosiy o‘rinni egalladi.

Qishloq xo‘jaligi texnikasini yig‘ish, qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirilmoqda. Energetika sohasidagi hamkorlik mustahkamlanib boryapti. O‘zbekiston Tojikistonga tabiiy gaz yetkazib bermoqda, Tojikistondan elektr energiyasi sotib olish hajmi ortmoqda. Mamlakatlarimiz transport va xalqaro tranzit koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha samarali hamkorlik qilishi mumkin.

S.Siddiq: – Yodingizda bo‘lsa, davlatimiz rahbari muhtaram Emomali Rahmon Dushanbeda ham, Toshkentda ham O‘zbekiston bilan munosabatlar Tojikiston uchun tashqi siyosatning asosiy yo‘nalishi bo‘lganini va bo‘lib qolishini ta’kidlagan edi. Ya’ni, birinchi navbatda eng yaqin qo‘shnilar bilan munosabatlarga e’tibor qaratish lozim. Bu munosabatlar samimiy va ishonchli bo‘lishi kerak va biz bugun buning guvohi bo‘lyapmiz.

Biz tojiklarda “Az xeshi dur hamsoyai nazdik behtar” – “Yaqin qo‘shni uzoqdagi qarindoshdan yaxshi” degan maqol bor. Zero, biron-bir qiyinchilik tug‘ilsa, birinchi bo‘lib aynan qo‘shni yordamga keladi. Uzoqdagi qarindosh esa aksariyat hollarda yordamga kelishga ulgurmaydi.

A.Ko‘chimov:  Prezident Shavkat Mirziyoyev ham 2018 yili Tojikistonga davlat tashrifi chog‘ida “Qo‘shni Tojikiston bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuksak darajaga ko‘tarish va uni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga tayyormiz”, deb ta’kidlagan edi.

Rossiyaning yetakchi moliya muassasalaridan biri “Sovkombank” bosh tahlilchisi Mixail Vasilev yaqinda e’lon qilingan “O‘zbekiston – Markaziy Osiyoning yangi yo‘lbarsi” nomli maqolasida shunday yozadi: “Osiyo yo‘lbarslari” fenomeni allaqachon iqtisodiyot darsliklaridan o‘rin olgan. Osiyo yo‘lbarslarining birinchi to‘lqini – Janubiy Koreya, Singapur, Tayvan va Gonkong 1960-1990 yillar oralig‘ida eng yuqori cho‘qqiga ko‘tarildi. Bu mamlakatlarda kuzatilgan jadal o‘sish 1998 yilda sodir bo‘lgan Osiyo inqirozidan so‘ng barqarorlashdi.

O‘zbekiston iqtisodiyotining real o‘sish sur’ati bir necha yildan buyon 5 foizni tashkil etmoqda va bu shunchaki natija emas. O‘tgan yili MDH mamlakatlari orasida koronavirus pandemiyasiga qaramay, YAIM o‘sishi bo‘yicha ijobiy sur’at qayd etgan davlatlar sifatida faqat O‘zbekiston va Tojikiston e’tirof etildi”.

Aytingchi, O‘zbekiston va Tojikistondagi iqtisodiy sakrashni Siz nimada ko‘rayapsiz va uni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan omillar ham bormi? Agar bo‘lsa, ularni hal qilish bo‘yicha qanday fikr, takliflar bildirgan bo‘lar edingiz?

S.Siddiq: – Ayrim mayda byurokratizm va joylarda ishlashni bilmaslik yoki xohlamaslik holatlarini hisobga olmasa, hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida jiddiy to‘siqlar umuman yo‘q, deb hisoblayman. Asosiysi, mamlakatlarimiz Prezidentlari va hukumatlarimiz har qachongidan ham munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajaga chiqarishni maqsad qilgan. Akademik Bobojon G‘ofurov bir paytlar o‘zining “Tojiklar” kitobida yozgan xalqlarimiz tarixi va madaniyatining yaqinligi va o‘xshashligi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun qulay asoslar yaratadi.

“Sovkombank” tahlilchisi M.Vasilevning so‘zlari haqida gapiradigan bo‘lsam, u bunday fikrga dalillarni tahlil qilish asosida kelgan, deb o‘ylayman. Dalillar esa shundan dalolat beradiki, haqiqatan ham o‘tgan yili koronavirus pandemiyasiga qaramasdan O‘zbekiston va Tojikiston MDHda eng yuqori iqtisodiy natijalarga erishdi. Misol uchun, Yevroosiyo taraqqiyot bankining (YeOTB) hisobotida aytilishicha, Tojikiston ushbu bankka a’zo davlatlar orasida pandemiya sharoitida iqtisodiy o‘sishni ko‘rsatgan yagona mamlakat bo‘ldi.

M.Vasilev birinchi va ikkinchi to‘lqinning “Osiyo yo‘lbarslari”ni misol qilib, “Endi uchinchi to‘lqining vaqti keldi”, deydi. Darhaqiqat, nega endi O‘zbekiston va Tojikiston shu to‘lqinning lokomotivi bo‘lmasligi kerak? Axir hozir ikkala mamlakatda ham Janubiy Koreya, Singapur, Tayvan, Indoneziya va Malayziyalarning porlash vaqtida bo‘lgan barcha imkoniyatlar bor – boy tabiiy resurslar, inson kapitali, ilg‘or hukumatlar, jadal iqtisodiy islohotlar va ilmiy-texnik taraqqiyot, xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlash, barqaror jamiyat.

Mixail Vasilev to‘g‘ri aytadi, agar pandemiya va global inqiroz kabi kutilmagan vaziyatlarni hisoblamasa, “sakrash” uchun zamin yaxshi tayyorlangan. “Yo‘lbars”ni tizimli sekinlashtirishi yoki to‘xtatishi mumkin bo‘lgan omillar yo‘q.

Davlatimiz rahbari, millat yetakchisi Emomali Rahmon “Dunyoda qilib bo‘lmaydigan hech narsa yo‘q, xohish bo‘lsa bas” degan gapni tez-tez qaytarib turadi. Menga uning bu so‘zlari juda yoqadi.

A.Ko‘chimov:  Mamlakatlarimizning yaqin hamkorligini axborot almashinuvi sohasidagi aloqalar yo‘lga qo‘yilganida ham ko‘rishimiz mumkin. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Tojikiston rahbarining O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida 2018 yil 17 avgust kuni Toshkentda O‘zA va “Xovar” o‘rtasida axborot almashish sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolangan edi.

Fursatdan foydalanib, ushbu hamkorlik izchil davom etib kelayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman. O‘zA deyarli har kuni “Xovar” axborot agentligi orqali Tojikiston hayotiga oid yangiliklarni yoritib bormoqda. Qolaversa, jurnalistlarimiz jahonning turli mintaqalarida yuz berayotgan voqealar to‘g‘risida “Xovar”ga havola bergan holda muxbirlaringizning tahliliy materiallari o‘zbekistonlik o‘quvchilarga yetkazib berayotganini aytishim kerak. O‘zA saytida buning uchun “Hamkorlarimiz xabarlari” maxsus rukni ham tashkil etilgan.

Siz ko‘zga ko‘ringan jurnalist, shu bilan birga Tojikistonning yetakchi axborot agentligi rahbari sifatida mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi qaysi davr, voqealarni eng yodda qolarli deb hisoblaysiz?

S.Siddiq:  Menimcha, O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari qayta tiklangani. Bu, yuqorida ta’kidlaganingizdek, xalqaro kuzatuvchilarning sharhida “kutilmagan munosabatlar”, “yorib chiqish”, “iqtisodiy sakrash” kabi ta’riflar ishlatilishiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, davlatlar yetakchilari bir-birlariga “aziz birodarim” deya murojaat qilishi, hukumatlararo va idoralararo hamkorlikni kuchaytirish uchun mustahkam asos bo‘lgan yuksak darajadagi samimiy ochiq muloqot boshlangan kun. Tojiklar va o‘zbeklar – abadiy birodarlardir! Va bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar tarixi sahifalariga oltin harflar bilan muhrlanadi.

Ishonchim komil, bir kun kelib, mamlakatlarimiz shiddat bilan rivojlana boshlaydi, davlatlarimiz yetakchilari Emomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyev bunga intilyapti, ular boshchiligida hozir “Osiyo yo‘lbarslari” deb atalayotgan Yaponiya, Singapur, Malayziya va boshqa davlatlarda o‘z vaqtida ro‘y bergan iqtisodiy mo‘’jizani amalga oshiramiz.

A.Ko‘chimov: – Shubhasiz, o‘zbek-tojik munosabatlaridagi ulkan ijobiy o‘zgarishlarga oid ko‘plab misollar keltirish mumkin. Biroq, e’tiboringizni qaratmoqchi bo‘lgan eng katta yutuq bu – ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi va amaliy ishlari nafaqat O‘zbekiston, balki Tojikistonda ham millionlab insonlar qalbida iliq tuyg‘ular uyg‘otayotganidir, degan bo‘lardim. Munosabatlarimizning muhiti ham tubdan o‘zgardi. Ilgari vaziyat asiri bo‘lib, yillar davomida qarindosh-urug‘lari, do‘stlari va yaqinlari bilan diydor ko‘rishish imkonidan bebahra bo‘lgan chegaraning ikki tomonida yashayotgan odamlarning kayfiyati o‘zgardi. Bu muammoning tub ildizini anglash uchun chegaradagi o‘tkazish punktlari ochilgan va mamlakatlarimiz o‘rtasida transport qatnovi tiklangan vaqtdagi odamlarning yuz-ko‘zidagi quvonchni ko‘rish kifoya edi.

Suhbatingiz uchun katta rahmat!

S.Siddiq: – Sizga ham rahmat!

O‘zA