Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Indoneziya Parlamenti Vakillar palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahmat Gobel boshchiligidagi delegatsiya Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov bilan uchrashdi.

Aytish joizki, so‘nggi to‘rt yilda O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida barcha sohalarda, jumladan, parlamentlar o‘rtasida hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Mazkur aloqalarni rivojlantirish, ularni yangi bosqichga olib chiqish ikki mamlakat parlamentlari uchun ham muhim ekani ta’kidlandi.

Suhbat chog‘ida Indoneziya parlamenti delegatsiyasi a’zolariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasining faoliyati, siyosiy partiyalar fraksiyalari va qo‘mitalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Rahmat Gobel mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona siyosat va uning dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotganini alohida ta’kidlar ekan, qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishiga ishonchi komil ekanini bildirdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda Indoneziyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari filiallarini ochish hamda bugungi kunda eng talabgor kasblarga o‘qitish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish, ularni amaliyotga tatiq etish masalasi muhokama qilindi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi ishga solinmagan imkoniyatlarini qayd etib, ikki mamlakat uchun ustuvor bo‘lgan yo‘nalishlarda aniq qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali samarali hamkorlikni kengaytirish zarurligini bildirdi.

Ikki mamlakat o‘rtasida parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash bilan birga, turizm, shu jumladan, “ziyorat turizmi” va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Rahmat Gobel boshchiligidagi delegatsiya Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida ham bo‘lib, Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov bilan siyosiy, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalarda muzokara o‘tkazdi.

Indoneziya tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlarga hamda iqtisodiy rivojlanish va davlat boshqaruvini takomillashtirish borasida erishilgan natijalarga yuqori baho berdi.

Tomonlar ikki mamlakat hukumatlari va ishbilarmon doiralarining o‘zaro tashriflari orqali munosabatlarni faollashtirish muhimligini ta’kidladi. Yaqin vaqt ichida har ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari joriy yilning ikkinchi yarmida Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Indoneziya Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini hamda O‘zbekiston – Indoneziya biznes-forumini o‘tkazishga tayyorgarlikni boshlashiga kelishib oldi. Indoneziya vazirlik va idoralari rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasining Jakarta shahriga tashrifi tashkil etiladigan bo‘ldi.

Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishning muhim salohiyati qayd etildi – qishloq xo‘jaligi va sanoatning elektrotexnika, kimyo, poyabzal va charm-attorlik tarmoqlarida qo‘shma ishlab chiqarish ob’ektlarini qo‘rish va ishlab chiqariladigan mahsulotlarni MDH, Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaga eksport qilish istiqbollariga ega bo‘lgan loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar, shuningdek, ikki mamlakat bozorlarida talab bo‘lgan O‘zbekiston va Indoneziya mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni kengaytirish, shuningdek, imtiyozli savdo va o‘simliklar karantini sohasida hamkorlikka oid bitimlar imzolashga tayyorgarlikni tezlashtirishga kelishib oldi.

Mehmonxona biznesi va turizmni rivojlantirishda hamkorlikni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, joriy yilning avgust oyida o‘z tarkibiga Indoneziya ishbilarmon doiralarini oladigan Indoneziya ulamolar Kengashi vakillarining O‘zbekistonga tashrifi davomida ikki mamlakat o‘rtasida ziyorat turizmi sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama etilishi rejalashtirilgan.

Uchrashuv yakunida erishilgan barcha kelishuvlarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlarni qamrab olgan “Yo‘l xaritasi”ni qisqa muddatda ishlab chiqishga kelishildi.

 

S.RAHIMOV, O‘zA