Chet tillarni o‘rganishni takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida buxorolik Murodovlar kabi malakali o‘qituvchilarga munosib sharoit yaratib berish zarurligi aytib o‘tildi.

– Bundan buyon xorijiy tillar o‘qituvchilarining oylik maoshi, ularning malakasiga qarab belgilanadi. Xalqaro sertifikatning dastlabki va o‘rta darajasini olgan o‘qituvchilarga – 40 foiz va yuqori natija ko‘rsatganlarga 50 foiz ustama belgilanadi. Bunda yuqori ball olgan o‘qituvchilarga xalqaro sertifikat olish uchun test topshirish xarajatlari qoplab beriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari Moliya vazirligiga ushbu maqsadlar uchun joriy yilda 50 milliard so‘m ajratish bo‘yicha topshiriq berdi.

Yig‘ilishda kelasi yildan boshlab yangidan ishga qabul qilinayotgan chet tili o‘qituvchilariga milliy va xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi kiritilishi ko‘rsatib o‘tildi. Unga ko‘ra, keyingi 3 yil davomida maktablardagi jami 53 ming nafar chet tili o‘qituvchisi xalqaro sertifikat olishi zarur. Ushbu ishlarga xususiy ta’lim tashkilotlari ham faol jalb qilinib, yuqori ball olgan o‘qituvchilarga o‘qish xarajatlarining bir qismini qoplab berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatovga viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga, ikki oy muddatda yaratiladigan qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanib, 1 ming 300 ta vakant o‘rinlarni malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish, joriy yil 1 sentyabrga qadar tanlab olingan 207 ta maktabda barcha sharoitni yaratib, chet tillarini chuqur o‘rgatishni boshlash bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.

Ushbu maktablarda xorijiy kitoblar, ilg‘or o‘quv dasturlari va metodikalaridan erkin foydalanish hamda fanlarni chet tilida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari Xalq ta’limi vazirligi va yangi Agentlik bilan birga, ushbu maktablarni zarur adabiyotlar, o‘quv dasturlari va qurollari hamda texnika vositalari bilan jihozlashga mas’ul bo‘ladi.

Yig‘ilishda viloyat hokimlariga Nurobod tajribasidan kelib chiqib, o‘z byudjetidan maktablarda chet tilini o‘qitish sifatini oshirish uchun har bir tuman va shaharga 1 milliard so‘mdan mablag‘ ajratish bo‘yicha topshiriq berildi.

 

O‘zA