Toshkentdagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida 30 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Fanlar akademiyasi hamkorligida “Ikkinchi jahon urushi Markaziy Osiyo xalqlari tarixi va xotirasida: voqealar, ishtirokchilar va ramzlar” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Hindiston, Indoneziya diplomatik vakolatxonalari vakillari, O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan Rossiya, Xitoy, AQSH, Italiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Koreya davlatlarining harbiy attashelari, SHHT xalq diplomatiyasi markazi direktori, Markaziy Osiyo davlatlari olimlari va ekspertlari, yoshlar ishtirok etdi.
Ushbu tadbir Markaziy Osiyo xalqlarining Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi, front ortidagi zalvorli ishlarini ilmiy asosda o‘rganish, keng jamoatchilikning mintaqa tarixiga qiziqishini oshirish, jangohlarda matonat ko‘rsatgan qahramonlar xotirasini abadiylashtirish, buyuk ajdodlarimiz jasoratini yosh avlodga ibrat qilib ko‘rsatish maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri o‘rinbosari Hamdam Qarshiyev yig‘ilganlarga mudofaa vaziri B.Qurbonovning tabrik so‘zini o‘qib eshittirdi. Urush davrida katta iztirob chekkan, millionlab insonlarini yo‘qotgan mintaqa davlatlarining ulkan G‘alabaga qo‘shgan hissasi to‘g‘risida faktlarga asoslangan fikrlarni bildirdi.
O‘z jonini ayamay, frontda va front ortida tunu kun mehnat qilgan mard va olijanob ota-bobolarimiz oldida hamisha ta’zimdamiz. Ular ko‘rsatgan beqiyos matonati va fidoyiligi qalblarimizda mangu yashaydi.
Tadbirda Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori A.Nosirov mintaqa davlatlari urush yillari tayanch vazifasini o‘taganini ta’kidladi.
Ikkinchi jahon urushiga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan jami 4 million kishi safarbar etilgan. Ulardan qariyb bir yarim millioni halok bo‘ldi, 780 ming askar turli orden va medallar bilan mukofotlandi. Shu jumladan, ming nafari “Sovet Ittifoqi qahramoni”, 250 nafari “Shuhrat” ordeni sohibi bo‘ldi.
Markaziy Osiyo davlatlari G‘arbdan evakuatsiya qilingan 3 million fuqaroni o‘z bag‘riga olgan. Jumladan, 1941-1942 yillarda O‘zbekistonga o‘ng minglab bolalar evakuatsiya qilindi.
Anjumanda qo‘shni davlatlar hamda Rossiya va Belarus diplomatik vakolatxonalari rahbarlari o‘z nutqida ta’kidlaganidek, G‘alaba kuni unutilmas voqea sifatida xalqlarimiz tarixida, ongu shuurida abadiy muhrlanib qoladi. Bu bir vaqtning o‘zida hayot tantanasi va judolik iztiroblari mujassamlashgan umumiy shonli o‘tmishimizdir.
Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan urush qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan yuksak hurmat-ehtirom va tizimli chora-tadbirlar natijasida ushbu sana mamlakatimizda keng nishonlanib kelinayotgani alohida qayd etildi. Markaziy Osiyo xalqlarining urush va mehnat frontidagi qahramonligini oliy qadriyat sifatida e’zozlash, yosh avlod tafakkuriga singdirish muhimligi ta’kidlandi.
Ushbu anjuman ajdodlarimizning porloq yodi va ulkan jasoratini kelajak avlod xotirasida mangu saqlab qolishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
O‘zA