O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2020 yil 2 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari sakkizinchi sessiyasida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayoni ijrosini ta’minlash yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 6 aprel kuni Bo‘zatov tumanida bo‘lib o‘tgan she’riyat festivali shular jumlasidandir. Unda mamlakatimizning taniqli adiblari, adabiyot ixlosmandlari, ijodkor yoshlar ishtirok etdi
Tadbir ishtirokchilar tomonidan tuman markazidagi Berdaq bog‘idagi shoir haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bilan boshlandi.
She’riyat festivalining tantanali ochilish marosimida mamlakatimizda milliy madaniyatimiz bilan adabiyotimizni rivojlantirish, shu orqali yosh avlodni ona Vataniga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilayotgan e’tibor xususida so‘z bordi.
Ta’kidlanganidek, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida olg‘a qadamlar tashlanayotgan bugungi kunda adabiyotimiz bilan madaniyatimizni chuqur o‘rganish va ommalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 dekabrdagi “2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2021 yildan boshlab har yili aprel oyining birinchi haftasi mamlakatimizda «Kitobxonlik haftaligi» etib belgilandi. Bo‘zatov tumanida o‘tkazilayotgan she’riyat festivali mana shu haftalik doirasida tashkil etilgani bilan ham ahamiyatlidir.
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida Bo‘zatov tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Gulsanem Orazbayevaning Prezident qaroriga ko‘ra, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanishi qoraqalpoq yoshlariga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaldagi ifodasi bo‘ldi.
Festival ishtirokchilari tumandagi yangidan foydalanishga topshirilgan ishlab chiqarish korxonalari, ijtimoiy soha ob’ektlari faoliyati bilan tanishdi. Yoshlar markazidagi mushoira kechasida taniqli adiblar bilan bir qatorda tumanning ijodkor yoshlari – Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori G.Orazbayeva, xalqaro tanlov g‘olibi M.Qalboyeva, shuningdek, G.Sariboyeva va Q.Qalmuratovlar o‘z ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi.
Tadbir tuman markazidagi amfiteatrda san’at ustalarining gala konserti va ijodkor yoshlarni taqdirlash marosimi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA