Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumanining eng chekka «Beltau» ovul fuqarolar yig‘inida «Tomorqa – daromad manbai» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan tuman hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirning asosiy maqsadi tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, bu boradagi “Namunali tomorqachi”larning ilg‘or tajribalarini aholi o‘rtasida ommalashtirish, qishloq aholisini band qilish orqali oilalarga daromad manbaini yaratishdan iborat.
bugungi kunda ovul fuqarolar yig‘inida 167 ta xonadonda 1068 nafar aholi istiqomat qiladi. Hudud aholisining tomorqa yerlaridan foydalanishida ayrim muammolar mavjud edi. Shu nuqtai nazardan “Tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyati vakillari, Ellikqal’a, Beruniy, Xo‘jayli, Amudaryo, Taxiatosh tumanlaridan usta dehqon va tomorqa yer egalari, quyonchilik va asalarichilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ishtirokida amaliy seminar tashkil etildi. Ular tomorqachilik va tadbirkorlikning afzalliklari xususida o‘zlarining ilg‘or tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Ovul fuqarolar yig‘inida 6 ta xonadonga issiqxona qurib berildi. Shuningdek, 40 ta xonadonga pomidor, bulg‘or kalampiri, mevali daraxtlar va turli gul ko‘chatlari topshirildi.
– Tadbirni tashkil etishdan asosiy maqsad tomorqadan samarali foydalanishning namunali usullarini chekka hududlar aholisi o‘rtasida ham keng joriy etish va targ‘ib qilish, – deydi Qoraqalpog‘iston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Quo‘anishboy Nurimbetov.
– Shu maqsadda taklif etilgan mirishkor dehqonlarning, tomorqa yer egalarining tajribasi o‘rganildi. Albatta, bu kelgusida o‘zining ijobiy samarasini beradi, degan umiddamiz.
Shu kunning o‘zida aholi tomorqalariga turli ko‘chatlar ekilib, mutaxassislar tomonidan ularni zarur agrotexnik qoidalar asosida o‘z vaqtida, sifatli parvarishlash bo‘yicha foydali tavsiyalar bildirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA