Bugun, 5 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqaro “Innoprom” sanoat ko‘rgazmasida ishtirok etish uchun Toshkent shahrida bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Ta’kidlash joizki, “Innoprom” Rossiya Federatsiyasi Hukumati tomonidan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy ishlanmalarni birgalikda ilgari surish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan eng yirik ko‘rgazma hisoblanadi. Ushbu tadbir mamlakatimizda birinchi marta o‘tkazilmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Denis Manturov davlatimiz rahbariga ikki mamlakatning yetakchi sanoat kompaniyalari va bank-moliya institutlari ishtirokida yirik kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikda amalga oshirilayotgan ishlarning natijalari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Suhbat chog‘ida biznes va hududlar darajasidagi ko‘p qirrali sheriklikni mustahkamlash, iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi hamkorlikni kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Poytaxtimizda “Innoprom” ko‘rgazmasining muvaffaqiyatli o‘tkazilishi ushbu vazifalarni bajarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.