O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i

So‘nggi yillarda respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohani innovatsion rivojlantirish, ilm-fan va ilmiy faoliyatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va natijadorligini oshirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Respublikani innovatsiyalar sohasidagi global reytingdagi ilg‘or 50 ta mamlakat ro‘yxatiga kiritishga qaratilgan strategik dastur tasdiqlandi, ilmiy loyihalarni moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy etildi, ilm-fan sohasida yuqori malakali kadrlarni moliyaviy rag‘batlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratildi.

Shunday bo‘lsada, mamlakat taraqqiyotining zamonaviy bosqichida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ilm-fan va innovatsiya sohasida davlat boshqaruvi mexanizmlarini takomillashtirish, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini shakllantirishda shaffoflikni oshirish hamda iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarni joriy etish ishlarini jadallashtirish lozimligini ko‘rsatmoqda.

Milliy ilm-fan va innovatsiya tizimining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotdagi o‘rnini oshirish, hududlarda innovatsion faoliyatni rivojlantirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga asosan belgilangan vazifalardan kelib chiqib:

  1. Quyidagilar Innovatsion rivojlanish vazirligining (keyingi o‘rinlarda – Vazirlik) asosiy vazifalari etib belgilansin:

mamlakatni innovatsion rivojlantirishning uzoq muddatli ssenariylari asosida ustuvor soha va tarmoqlarni ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalar asosida rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish;

hududlarning intellektual va texnologik salohiyatini oshirish, ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish;

ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini shakllantirish, tasdiqlash va ularning ijrosini nazorat qilish;

ilmiy darajali kadrlar tayyorlash tizimini muvofiqlashtirish;

yoshlarni ilmiy va innovatsion faoliyatga jalb etishning samarali mexanizmlarini joriy qilish va ular tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda investitsiyalarni keng jalb etish, xususiy sektor faolligini oshirish va venchurga asoslangan moliyalashtirishni rivojlantirish;

innovatsion ishlanmalar asosida amalga oshiriladigan loyihalarning moliyaviy, iqtisodiy va texnik ekspertizasini o‘tkazish va intellektual mulk ob’ektlarini tatbiq etish uchun zarur sharoitlarni ta’minlash;

iqtisodiyotning real sektori va ishlab chiqarish tarmoqlarining ilmiy ishlanma va innovatsiyalarga bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlash hamda tarmoq ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish asosida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash;

yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va ishlab chiqarishga joriy etish, startap loyihalarini amalga oshirish, intellektual mulk qatnashadigan yangi tashkilotlarni shakllantirish va ratsionalizatorlik faoliyatini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit yaratish;

ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, innovatsiyalar va texnologiyalar transferi bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.

  1. Quyidagilar Innovatsion rivojlanish vazirligining
    2021-2022 yillardagi ustuvor faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

biotexnologiyalarni rivojlantirish sohasida biofarmatsevtik mahsulotlar, rekombinant va DNK vaksinalar, biotibbiyot tashxislash texnologiyalari hamda hududlar xususiyatidan kelib chiqib gen va hujayra muhandisligiga asoslangan qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi biotexnologik navlarini yaratish;

tuproq unumdorligini oshirish sohasida tuproq resurslari holatini kompleks monitoring qilish tizimi hamda resurs tejamkor sug‘orish va o‘g‘itlantirish agrotexnologiyalarini yaratish, bunda hududlarda mobil laboratoriyalar tarmog‘ini tashkil etib, tuproqdagi mavjud foydali va zararli moddalarni aniqlash asosida qishloq xo‘jaligi ekinlarining agrokimyoviy xaritalarini ishlab chiqish;

“sun’iy intellekt”ni joriy etish sohasida yo‘l transport infratuzilmasi, ta’lim va sud tizimida “aqlli” innovatsion texnologiyalarni yaratish;

qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish sohasida muqobil va ekologik toza energiya manbai – “yashil” vodorodni ishlab chiqarish, saqlash va qo‘llash bo‘yicha innovatsion texnologiyalarni yaratish;

chorvachilikni rivojlantirish sohasida genetika usullarini qo‘llash orqali chorva zotlarining genofondini ko‘paytirish va go‘sht mahsuldorligini oshirish, yem-ozuqa bazasini kengaytirish bo‘yicha innovatsion texnologiyalarni joriy etish;

qishloq xo‘jaligi sohasida qayta ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan qishloq xo‘jaligi texnikasining innovatsion konstruksiyalarini hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishning yangi texnologiyalarini yaratish.

3. Quyidagilar:

Innovatsion rivojlanish vazirligining 2021-2022 yillardagi ustuvor faoliyat yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda – chora-tadbirlar dasturi) 1-ilovaga muvofiq;

Innovatsion rivojlanish vazirligining 2021-2022 yillardagi faoliyati natijadorligini baholash ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, chora-tadbirlar dasturi doirasida:

Innovatsion rivojlanish vazirligi – loyihalar (ishlanmalar)ni tashabbus qilish (yaratish) va amalga oshirishda ko‘maklashadi, innovatsion texnologiyalar ishlab chiqilishini muvofiqlashtiradi hamda belgilangan tadbirlarning o‘z muddatida va sifatli bajarilishi ustidan tizimli monitoring olib boradi;

ilmiy tashkilotlar hamda tegishli vazirlik va idoralar – har bir loyiha (ishlanma)ni amalga oshirish (yaratish) uchun chuqur ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshiradi hamda ularning tegishli tarmoqlarga joriy etilishini ta’minlaydi.

Vazirlik chora-tadbirlar dasturida belgilangan loyihalar (ishlanmalar)ni moliyalashtirishga venchur jamg‘armalari va xususiy sektor vakillarini keng jalb qilsin.

4. Hududlarda ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish maqsadida Vazirlik tizimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi
va viloyatlar innovatsion rivojlanish boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda – hududiy boshqarmalar) tashkil etilsin.

Belgilab qo‘yilsinki:

Vazirlikka yuklatilgan asosiy vazifalar va funksiyalarning hududlardagi ijrosi hududiy boshqarmalar tomonidan amalga oshiriladi;

hududiy boshqarmalar tomonidan shakllantirilgan ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tasdiqlanadi va ularning amalga oshirilishini monitoring qilish hududiy boshqarmalar zimmasiga yuklatiladi;

hududlardagi ilm-fan va innovatsion faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi Innovatsion faoliyat va texnologiyalar transferi markazlari faoliyati hududiy boshqarmalar tomonidan muvofiqlashtiriladi.

5. Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi unga Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalarini tijoratlashtirish Prezident jamg‘armasini va Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasining iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini qo‘shib olish yo‘li bilan Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) etib qayta tashkil etilsin.

Belgilansinki:

Jamg‘arma mazkur bandning birinchi xatboshisidagi tashkilotlarning barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar Jamg‘arma tomonidan moliyalashtiriladi.

6. Barcha vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari, ustav fondida davlat ulushi
50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yirik tashkilotlarda amaldagi rahbar o‘rinbosarlaridan biriga innovatsiyalarni joriy etish (Chief Innovation Officer) vazifasi yuklatilsin.

Innovatsiyalarni joriy etish vazifasi yuklatilgan rahbar o‘rinbosarlarining tegishli yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish Vazirlikka yuklatilsin hamda ularning bazaviy lavozim maoshiga har oyda 30 foiz miqdorida ustama to‘lansin.

7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlar ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik (I.Yu.Abduraxmonov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlari bilan birgalikda
bir oy muddatda 3-ilovada ko‘rsatilgan tumanlarni innovatsion hududlarga aylantirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

8. Namangan viloyati Chust tumani hokimligi boshqaruv apparatida hokimlikning umumiy shtat birliklari cheklangan soni doirasida tuman hokimining innovatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi (keyingi o‘rinlarda – hokim o‘rinbosari) joriy etilsin.

Belgilab qo‘yilsinki:

hokim o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining tavsiyanomasi asosida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

Chust tumanida yangi hududiy innovatsion infratuzilmalar yaratish va innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida “Yashnobod” innovatsiya texnoparki rezidentlarini eksterritorial tamoyil asosida Chust tumani hududida joylashtirishga ruxsat etiladi.

9. Vazirlik tomonidan ilmiy tashkilotlar reytingi yuritilayotganligi hamda ularning ilmiy va innovatsion faoliyatini baholash tizimi joriy etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Vazirlik hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda oliy ta’lim muassasalarining ilmiy va innovatsion faoliyatini baholash tizimini joriy qilsin.

10. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

Vazirlik tomonidan har kalendar yil yakuni bo‘yicha ilmiy tashkilotlarning hamda har o‘quv yili yakuni bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarining ilmiy va innovatsion faoliyati baholanadi;

Vazirlik baholash natijalariga ko‘ra oliy ta’lim muassasalari
va ilmiy tashkilotlar rahbarlari, shu jumladan, rektor (direktor) hamda ularning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektoriga (direktor o‘rinbosariga) nisbatan rag‘batlantirish yoki intizomiy jazolarni qo‘llash haqida tizimida oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlari bo‘lgan tegishli vazirlik va idoralarga taqdimnoma kiritadi;

oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar rahbarlarining (rektor, direktor) ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor va direktor o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining taqdimnomasiga muvofiq tizimida oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlari bo‘lgan tegishli vazirlik va idoralar rahbarining buyrug‘iga asosan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

11. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Tashqi ishlar vazirligi va Vazirlik bilan birgalikda 2021 yil 1 mayga qadar nufuzli xorijiy universitetlar va ilmiy markazlar bilan ilmiy-innovatsion sohada ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin va amalga oshirilishini ta’minlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

13. Vazirlik bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur farmon ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul
va shaxsiy javobgar etib innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu.Abduraxmonov belgilansin.

Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga 2022 yil 1 yanvarga qadar axborot berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi

        Prezidenti                 Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2021 yil 1 aprel