Vatanimiz tarixidagi 8 yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

8 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni. 

1474 yil (bundan 547 yil oldin) – fors-tojik shoiri, naqshbandiylik tariqatining yirik vakili, Alisher Navoiyning do‘sti va ustozi Abdurahmon Jomiy Makka safaridan Hirotga qaytib keldi. Adabiyotshunos olim Shuhrat Sirojiddinovning yozishicha, Jomiy necha marta hajga borgani manbalarda qayd etilmagan. Ammo mamlakatda eng ulug‘ obro‘ va e’tiborga sazovor bo‘lib, Xurosonning peshvosiga aylangan davridagi haj safari tarixda muhrlangan.

Faxriddin Ali Safiy bin Xusayn al-voiz al-Koshifiyning “Rashahot ayn ul-hayot” asarida ana shu tarixiy Hijoz safari tafsilotlari berilgan. Faxriddin Ali “Hazrat maxdumning muborak haj safariga yuzlanishi va ushbu safarda yuz bergan voqealar bayoni” nomli maxsus bo‘limda Hazratning safarga chiqish sanasini aniq ko‘rsatadi: “Ul kishi 877 yilning muborak rabiulavval oyining o‘rtalarida (1473 yil avgust) muborak haj safariga otlandilar”. Jomiyning Makka safaridan qaytishi va Hirotga kirib kelish sanasi esa mazkur bobning oxirida “sha’bon oyining o‘n sakkizinchisi” bilan belgilangan (1474 yil 8 yanvar).

1937 yil (bundan 84 yil oldin) – Germaniyada o‘qib kelgan sobiq talabalardan biri, Yevropa andozasidagi birinchi o‘zbek kimyogar olimi Sattor Jabbor Germaniyaning josusi sifatida qamoqqa olindi. Unga qo‘yilgan ayblar oz bo‘lmagan. Shulardan birida aytilishicha, Sattor Jabbor 1931 yilda josuslik ishlarini olib borish uchun Germaniyadan SSSRga maxsus yuborilgan.

U go‘yo O‘zbekistonga qaytganidan beri Sho‘rsuv konlaridagi oltingugurt va Olmaliq konlaridagi ruda zaxiralarining miqdori, shuningdek, Chirchiqdagi bir qator sanoat korxonalari, Marg‘ilon va Namangandagi pillachilik fabrikasi, Toshkentdagi kislorod zavodi haqidagi maxfiy ma’lumotlarni vositachilar orqali Germaniyaga yetkazib turgan.

Akademik Naim Karimovning qayd etishicha, mahbusning bu ahmoqona ayblarni rad etishi oson bo‘lmadi. U 1938 yil 9 oktyabrda otuvga hukm qilindi va hukm zudlik bilan ijro etildi. Sattor Jabbor qizillar qatag‘on mashinasining qurboniga aylandi.

1947 yil (bundan 74 yil oldin) – O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon dunyoga keldi (vafoti 2020 yil). Uning “O‘zbekiston askarlari” qo‘shig‘i milliy armiyaning birinchi saf qo‘shig‘iga aylangan.

1951 yil (bundan 70 yil oldin) – yozuvchi, jurnalist Xurshid Do‘stmuhammad dunyoga keldi.

1992 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi tuzildi. Keyinchalik “Prokuratura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahriri asosida (2001 yil 29 avgust) O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasiga aylantirildi.

1997 yil (bundan 24 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonda milliy raqs va xoreografiya san’atini rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

2007 yil (bundan 14 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2018 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 7 bob, 88 moddadan iborat.

2019 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston ekologik partiyasining ta’sis qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

 

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi