Xalqaro neft bozori shundayki, unga nafaqat jahonda yuz berayotgan siyosiy yoki iqtisodiy voqealar, balki tabiat hodisalari, ekologik ofatlar hatto bozordagi muhim o‘yinchilarning bayonotlari ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

O‘tgan yili neft narxi keskin tushib ketishiga koronavirus pandemiyasi sabab bo‘ldi, desak aslo xato bo‘lmaydi.

2020 yilda boshlangan pandemiya jahon iqtisodiyotining qariyb barcha sohasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Iqtisodiyotni esa hoh u mahsulot ishlab chiqarish, turizm, savdo-sotiq yoki boshqa istalgan tarmoqni oling, ularni energiya quvvatlarisiz, ya’ni uning birlamchi manbai bo‘lgan neft va gaz zaxiralarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois jahon mamlakatlarida iqtisodiyotning orqaga ketishi “qora oltin”ga bo‘lgan ehtiyojni ham pasaytirdi. Talab pasaysa narx tushadi, bozor qonuniyati shu.

OPEK+ nima haqda kelishgan edi?

Ma’lumki, o‘tgan yil mart oyida OPEK+ ga a’zo mamlakatlar neft ishlab chiqarishni qisqartirish bo‘yicha bir to‘xtamga kela olmagani bois neft narxi keskin tushib ketdi. 1 aprelda neft qazib olish bo‘yicha cheklov bekor qilindi. Ushbu uchrashuv yakuni “qora oltin” narxi qulashiga sabab bo‘ldi, faqat mart oyining o‘zida narx ikki barobardan ko‘pga pastladi.

May oyidan boshlab esa OPEK+ uch oyga neft qazib olish ko‘rsatkichini kuniga 9,7 million barrelga kamaytirishni boshladi. Avgustdan boshlab alyans neft qazib olishni kamaytirishda davom etdi, lekin oz miqdorda, ya’ni kunlik ko‘rsatkich 7,7 million barrelga qisqartirildi va bu holat yil oxirigacha saqlandi.

Vaksinatsiya boshlangani haqdagi xabarlar narxlarga qanday ta’sir qilmoqda?

2021 yil “qora oltin” narxlarida ham keskin o‘zgarishlar boshlanayotganini namoyish qilmoqda. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan xalqaro neft birjasi savdosida WTI markasining bir barreli 50 dollardan oshdi. Aytish joiz, bu o‘tgan yil 26 fevraldan buyon eng yuqori ko‘tarilish bo‘ldi.

Odatda jahon neft bozorida eng qimmat hisoblangan shimoliy dengizdan olinadigan Brent neft markasi 4,01 foizgacha qimmatlashib bir barreli 54 dollarga chiqdi.

WTI markasi esa 4,62 foizga oshgan va 49,81 dollarni tashkil etdi.

Ekspertlar “qora oltin” narxining oshishiga Rossiya bilan Saudiya Arabistoni OPEK+ning kelgusi neft savdosi bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida tarqalgan xabar sabab bo‘lgan. “The Wall Street Journal” nashrining ma’lumot berishicha, mamlakatlar fevralda ham joriy shartlarni saqlab qolishga va “qora oltin” qazib olishni oshirmaslikka kelishib olgan.

Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak neft narxi oshishini izohlar ekan, bu qator mamlakatlarning iqtisodni rag‘batlantirish choralarini ko‘rayotgani hamda COVID-19 ga qarshi emlash boshlangani haqdagi xabarlar bilan bog‘liq, dedi.

Bundan avvalroq Moskva va Ar-Riyod fevral oyida neft qazib olish kvotalari bo‘yicha bir qarorga kelishgani haqda ma’lum qilingan edi.

“The Wall Street Journal” nashrining yozishicha, ikki mamlakat hozirgacha belgilangan neft qazib olish miqdorini fevral oyida ham o‘zgartirmaslikka, bahordan boshlab qazib olish miqdorini ko‘paytirishga kelishib olgan. Tomonlar kuni kecha bir to‘xtamga kelishga umid qilgan edi, biroq OPEK+ ga a’zo mamlakatlar ushbu masalada yakdil fikrga kela olmadi va seshanba kuni ham muzokaralarni davom ettirdi.

Narxlar qaysi ssenariy bo‘yicha shakllanadi?

Eron neft vaziri Bijan Zanganening ta’kidlashicha, OPEK+ ning kecha bo‘lib o‘tgan uchrashuvida asosan ikkita ssenariy ko‘rib chiqilgan. Ularning biri fevralda kunlik neft qazib olish ko‘rsatkichini yarim million barrelga oshirish, ikkinchisi yanvar ko‘rsatkichlarini saqlab qolish bo‘lgan.

RIA Novosti xabariga ko‘ra, mazkur uchrashuvda Rossiya birinchi variantni qo‘llab-quvvatlagan, saudiyaliklar va boshqa mamlakatlarning aksariyati ikkinchi variantni ma’qullagan. Ushbu mamlakatlarning tutgan yo‘li tabiiyki, pandemiya tufayli neft bozorida davom etayotgan noaniqlarga asoslangan.

Barchaga ma’lum, pandemiya sharoitida neft narxi tushib ketishiga asosan rivojlangan mamlakatlarda sanoat ishlab chiqarish pasaygani, ko‘pgina sohalar faoliyatini keskin qisqartirib yuborgani sabab bo‘ldi. Bu esa buyudjet tushimlari asosan neft va gaz savdosidan shakllanadigan mamlakatlar uchun ancha murakkabliklarni keltirib chiqardi.

Masalan, Rossiya moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatning asosiy eksport mahsuloti hisoblangan Urals neft markasining 2020 yildagi o‘rtacha narxi 2019 yil bilan solishtirganda 34 foizga tushgan.

“Urals neft markasining 2020 yil yanvardan dekabrgacha bo‘lgan o‘rtacha narxi bir barreli 41,73 dollarni tashkil etdi. Xolbuki, 2019 yilning shu davrida narx o‘rtacha 63,59 dollarni tashkil etgandi”, – deyiladi vazirlik xabarida.

Bunday holatni neft eksport qiluvchi boshqa mamlakatlarda ham kuzatish mumkin. Chunki, iqtisodiyoti har qancha baquvvat bo‘lmasin, boshqa eksportchi davlatlar ham sezilarli zarar ko‘rdi. Agar Rossiya neft sotishdan ko‘radigan daromadining 34 foizini yo‘qotgan bo‘lsa, boshqa mamlakatlar ham shu atrofda ziyon ko‘rgani aniq. Bu esa mamlakat iqtisodiyotini murakkab vaziyatga tushirib qo‘yadigan vaziyatdir.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori ta’kidlaganidek, 2021 yilda insoniyat 2020 yilgi koronavirus asoratlarini bartaraf qilish bilan band bo‘ladi. Bu degani odamlar pandemiya keltirgan zirarlarni bartaraf qilib, asta-sekin yana avvalgi hayot tarziga qayta boshlaydi.

Bu esa o‘z-o‘zidan ma’lum, iqtisodiyotni ko‘tarish, pandemiyadan oldingi holatga qaytarish uchun qilinadigan sa’y-harakatlarni nechog‘li samarali tashkil etishga bog‘liq. Hayotning o‘z o‘zaniga tushishi iqtisodiyotning faollashuvi, faol iqtisodiyot esa energiya quvvatlariga, ya’ni neftga bo‘lgan talabning oshirilishi bilan chambarchas bog‘liq. Agar jarayon shunday davom etsa, “qora oltin” narxi ham yana avvalgi holatiga qaytishi turgan gap.

Saidmurod Rahimov, O‘zA