Prezidentimiz Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida yurtimizda qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq sohasini takomillashtirish masalalarga alohida to‘xtalib, erishilgan natijalar va kelgusidagi vazifalar haqida so‘z yuritdi.

Jumladan, jazo tizimini liberallashtirilishi munosabati bilan 2020 yilda jinoyat sodir qilgan 74 foiz shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanganligi, xalqimizning insonparvarlik, bag‘rikenglik, kechirimlilik kabi o‘ziga xos qadriyatlarining chin ma’nodagi yuksak namunasi sifatida jinoyat sodir qilgan 616 nafar afv etilganligi, 719 shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilganligi e’tirof qilindi.

Prezidentimiz so‘nggi 4 yil davomida sud-huquq sohasini isloh qilish borasida 40dan ortiq Qonun, Farmon va qarorlar qabul qilinganligini, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda sud hokimiyati hal qiluvchi o‘rinni egallashini, bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar talaygina ekanligini ham ta’kidladi.

Jumladan, viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etilishi hududlarda yagona sud amaliyotini shakllantirishga, fuqarolar va tadbirkorlarning ortiqcha ovoragarchiligini oldini olishga xizmat qiladi.

Ortiqcha sud instansiyalarini bekor qilish yo‘li bilan “bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy qilinishi esa tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat darajasidagi sudlar tomonidan apellyatsiya tartibida, apellyatsiya tartibida ko‘rilgan sud qarorlarini esa Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish, kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha sud qarorlarini esa Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ularning o‘rinbosarlari protestiga ko‘ra kassatsiya tartibida takroran ko‘rib chiqish yo‘lga qo‘yilishi, sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish instituti tugatilishi sudda har bir ish bo‘yicha yakuniy xulosa qilishga erishiladi.

Prezidentimizning jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyilini keng qo‘llashni davom ettirib, manzil koloniyalarni qisqartirish va ozodlikdan mahrum qilish jazolari yengilroq jazoga almashtirilsa to‘g‘ridan-to‘g‘ri probatsiya xizmatiga o‘tkazilishi, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish va shartli ozod qilish haqida taqdimnoma kiritish vakolatini jazoni ijro etish rahbarlaridan yangi tashkil qilinayotgan “Insonparvarlik komissiyasi”ga o‘tkazish haqidagi takliflari o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lib, shaxslarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, buning oqibatida jabr tortadigan har bir oila va oila a’zolari, ayniqsa, o‘sib kelayotgan o‘g‘il-qizlarning kelgusi taqdirini hamda ularning kelajagini turli salbiy ta’sir va jiddiy sinovlardan himoya qilishga, o‘z oilasi bag‘rida bo‘lib, oilasi taqdiri bilan shaxsan shug‘ullanishiga zamin yaratadi.

Prezidentimizning qiynoqlarning oldini olish, bu borada Inson huquqlari markazi va Ombudsman vakolatini kengaytirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, har chorakda Ombudsman tomonidan tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida monitoring o‘tkazishi va aniqlangan holatlar bo‘yicha Oliy Majlis palatalariga hisobot taqdim qilish amaliyotini joriy qilish haqidagi taklifi aholining huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va sudga bo‘lgan ishonchini oshirish imkonini beradi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan ushbu islohotlar Mamlakatimizda qonun ustuvorligini va ijtimoiy adolatni ta’minlash, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Mazkur ezgu maqsadni ro‘yobga chiqarishda esa sudyalar zimmasiga o‘ta muhim vazifa – odil sudlovni Konstitutsiya va qonunlardan hamda adolat tamoyilidan og‘ishmay amalga oshirish yuklatiladi.

Ma’rufjon Ergashev,

Bahodir Haydarov,

Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining sudyalari