O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Energetika vazirligining maxsus Shtabi tomonidan 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2021 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.

Unda Energetika vazirligining maxsus Shtabi boshlig‘i o‘rinbosari Akmal Eshonqulov o‘tgan yilda iste’molchilarni elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash, bu boradagi muammolar va ularni joyida hal etish ishlari tizimli amalga oshirilgani xususida ma’lumot berdi.

– Shtab tashabbusi bilan uzunligi 130 kilometr bo‘lgan yangi gaz tarmoqlari qurildi va ta’mirlandi, – dedi A.Eshonqulov. – Bu ishlar samarasida 32 ming xonadonning tabiiy gaz ta’minotidagi muammosi bartaraf etildi. Joylarda deputatlar talabi asosida rejadan tashqari qo‘shimcha 16 dona yangi transformator punkti o‘rnatilishi tufayli 1 ming 400 xonadonning elektr energiyasi ta’minoti yaxshilandi. Bu ishlar uzviyligida chekka va tog‘li hududlardagi “Temir daftar”ga kiritilgan xonadonlarga 12 ming tonna ko‘mir mahsuloti yo‘l haqisiz, 20 ta nogiron va boquvchisini yo‘qotgan oilaga 20 dona gaz plita, 16 tonna ko‘mir homiylik asosida yetkazib berildi.

O‘tgan yil davomida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha nafaqat Energetika vazirligining ijtimoiy tarmoqlarida, mahalliy ommaviy axborot vositalarida, balki deputatlar kengashlari sessiyalarida ham muntazam hisobotlar berib borildi.

Deylik, Shtab tomonidan mamlakat bo‘yicha 11 tog‘li va olis tumandagi tuman deputatlari kengashi sessiyalarida bu haqda hisobot berilgan. Shuningdek, joylarda o‘tkazilgan uchrashuvlarda deputat va mahallalar raislari tomonidan 152 ta masala ko‘tarilgan. Ulardan 101 tasi joyida hal etilgan bo‘lsa, 51 tasini 2021 yil dasturiga kiritish yuzasidan topshiriqlar berilgan.

2021 yilda Shtab tomonidan qanday ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan?

– Joriy yil aholi va iste’molchilar talabini qondirish maqsadida barcha choralar ko‘riladi. Bunda aholi tabiiy gaz ta’minotidagi muammolarni bartaraf etish uchun gaz transporti tizimi o‘tkazish quvvatini oshirish, tabiiy gaz yetkazib berilishidagi yuqotishlarni kamaytirish, ko‘mir qazib chiqarishni ko‘paytirishga asosiy e’tibor qaratiladi. Shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish, jumladan, issiqlik elektr stansiyalari quvvatini oshirish, yangi gidroelektr stansiyalarini foydalanishga topshirish hamda quyosh va shamol energiyalaridan samarali foydalanish loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish ham joriy yilgi ustuvor vazifalarimizdan, – dedi A.Eshonqulov.

Ta’kidlanganidek, Shtab tomonidan har bir soha bo‘yicha rejalar belgilab olingan. Mamlakatimizning barcha mahallalarining elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir mahsuloti bilan ta’minlanishi bo‘yicha olingan natajalar asosida kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Manzilli dasturlar bo‘yicha ishlar va suyultirilgan gaz va ko‘mir yetkazib berish grafiklari taqdim etiladi. Iste’molchilarni ko‘mir va briket mahsulotlari bilan ta’minlash, ko‘mir omborlari va do‘konlari sonini optimallashtirish, aholini maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlash va gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish sexlari faoliyatini takomillashtirishga katta e’tibor qaratiladi. Elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minotiga ASKUE va ASKUG tizimlarini, birinchi navbatda, ulgurji iste’molchilar bo‘yicha joriy etishni yakunlash va sohalarda davlat xususiy sherikchilikni rivojlantirish Shtabning joriy yildagi muhim vazifalaridan.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA