“Markaziy Osiyo – Xitoy” tashqi ishlar vazirlarining birinchi uchrashuvi

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov videokonferensiya shaklida tashkil etilgan “Markaziy Osiyo – Xitoy ” birinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Van I, Qirgʻiziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, Qozogʻiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov qatnashdi.

Koronavirus infeksiyasining oldini olish, kasallik tarqalishini oldindan baholash va cheklash, epidemiyaga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari, Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy iqtisodi, sanoat quvvatlari barqaror oʻsishini taʼminlash mexanizmlari muhokama qilindi.

Transchegaraviy xususiyatga ega epidemiologik tahdidlarga qarshi kurashish boʻyicha amaliy choralar samaradorligini oshirish maqsadida mazkur videokonferensiyada ishtirok etayotgan mamlakatlar tibbiyot mutaxassislari va tegishli idoralari oʻrtasida muntazam hamkorlik oʻrnatish zarurligi qayd etildi.

Hozirgi sharoitda oʻzaro savdoni qoʻllab-quvvatlash va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, iqtisodiyotni raqamlashtirish surʼatini jadallashtirish hamda transport-tranzit yoʻllarining diversifikatsiyalashgan tizimini shakllantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish dolzarbligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston tomoni hamkorlikning yuqorida sanab oʻtilgan yoʻnalishlarini oʻz ichiga oluvchi Pandemiya va uning oqibatlariga qarshi kurashish boʻyicha kompleks dasturni birgalikda ishlab chiqishni taklif qildi.

Abdulaziz Komilov ishtirokchilar eʼtiborini barqarorlikni mustahkamlash hamda Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy xalqlari farovonligini oshirish uchun aniq innovatsion, infratuzilma, transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirish muhimligiga qaratdi.

Muzokaralarda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, jumladan Afgʻonistonning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini qayta tiklash masalalari boʻyicha ham fikr almashildi.

 

OʻzA