29-iyun – 1-iyul kunlari AQSHning Afgʻonistondagi yarashish masalalari boʻyicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod va AQSH Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Adam Boylerning Oʻzbekistonga tashrifi boʻlib oʻtadi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining saytida xabar berildi.
Tashrif dasturida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, tashqi ishlar, investitsiyalar va tashqi savdo, iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirliklarida ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazish koʻzda tutilgan.
Boʻlajak uchrashuvlar davomida Afgʻonistondagi tinchlik muzokaralari jarayonini qoʻllab-quvvatlash masalalari, Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi mablagʻlarini Oʻzbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun jalb qilish istiqbollari muhokama qilinadi.
AQSH delegatsiyasi 30-iyun kuni videokonferensaloqa orqali boʻlib oʻtadigan “Markaziy Osiyo – AQSH” (“S5+1”) shaklidagi vazirlar uchrashuvida ham ishtirok etadi.
OʻzA