Oʻzbekiston Prezidenti YETTB prezidenti bilan muzokara oʻtkazdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-iyun kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti bilan videoaloqa orqali muzokara oʻtkazdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Respublikasining Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan munosabatlarida keyingi yillarda yuksak darajaga erishilgani va samarali oʻzaro hamkorlik amalga oshirilayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

“Yoʻl xaritasi” va YETTBning Oʻzbekiston boʻyicha strategiyasi birgalikda amalga oshirilishi tufayli bugun ushbu bank mamlakatimizda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan ustuvor dastur va loyihalarni ilgari surishda muhim sheriklardan biriga aylandi.

Bugungi kunda loyihalar portfeli qariyb 1,2 milliard dollarni tashkil etib, barcha ustuvor yoʻnalishlarni qamrab olgan. Ajratilayotgan mablagʻlarning uchdan bir qismi xususiy sektor va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga, shu jumladan respublikada koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlarini kamaytirishga yoʻnaltirilmoqda. Bundan tashqari, tomonlar umumiy qiymati 1 milliard dollar boʻlgan yangi loyiha takliflarini koʻrib chiqmoqdalar.

Bank ekspertlari Oʻzbekistonda davlat-xususiy sherikligi, kapital bozorini rivojlantirish, bank tizimini isloh qilish va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari boʻyicha qonun hujjatlari va strategik tashabbuslarni ishlab chiqishda ham faol ishtirok etdilar.

YETTB Toshkentdagi vakolatxonasini kengaytirdi, Andijon shahrida ofisini ochdi. Kelgusi yilda Urganch shahridagi ofis oʻz ishini boshlashi kutilmoqda.

Prezidentimiz hamkorlikning amaliy natijalari haqida soʻz yuritar ekan, oʻzaro ishonchni mustahkamlash va samarali hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan katta hissasi va bu borasidagi faol saʼy-harakatlari uchun Suma Chakrabartiga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Yetakchi xalqaro moliyaviy institut rahbari bunday shakldagi uchrashuvning tashkil etilgani uchun chuqur minnatdorlik bildirib, bank Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan yangi islohotlar yoʻlini va Markaziy Osiyodagi mintaqaviy siyosatni har tomonlama, shu jumladan, loyihalar portfeli va moliyaviy-texnik koʻmak hajmini kengaytirish orqali qoʻllab-quvvatlashda qatʼiy ekanini taʼkidladi.

Suma Chakrabarti Sirdaryo viloyatidagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish va mamlakatimizda pandemiya keng yoyilishining oldini olish boʻyicha koʻrilgan kompleks chora-tadbirlarni yuksak baholadi.

Videomuloqot chogʻida oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari batafsil koʻrib chiqildi. YETTBning davlat korxonalarini transformatsiya qilish va banklarni xususiylashtirishdagi ishtirokiga, energetika va neft-gaz tarmoqlarini isloh qilish, ajratilgan kreditlarni samarali oʻzlashtirish, biznesni, shu jumladan toʻqimachilik tarmogʻidagi loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirishga, jumladan, Toshkent shahrida boʻlajak Xorijiy investorlar kengashining uchrashuvi va 2023-yilda Samarqand shahrida YETTB Boshqaruvchilar kengashi majlisini oʻtkazishga birgalikda tayyorgarlik koʻrish borasida kelishib olindi.


 

OʻzA