Shavkat Mirziyoyev: Bu ishlarni kelgusi 2-3 yilda toʻliq amalga oshirmasak, har bir kechikkan yilimiz mamlakatimizni 10 yil orqaga tortadi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-may kuni raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yil “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilindi. Prezidentimizning Oliy Majlisga shu yil yanvardagi Murojaatnomasida raqamli iqtisodiyotga faol oʻtish kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan edi.

Raqamli texnologiyalarning naqadar muhimligini bugungi pandemiya sharoiti ham yana bir bor isbotladi. Taʼlim, davlat xizmatlari, davlat boshqaruvi tizimi, savdo va xizmat koʻrsatishning hammasi raqamli iqtisodiyot bilan bogʻliqligi yaqqol koʻrinib qoldi. Yillar davomida masofadan koʻrsatilmagan xizmatlar sanoqli kunlarda onlayn shaklga oʻtkazildi.

Ekspertlarning fikricha, kelgusi 3 yilda iqtisodiyotni raqamlashtirish orqali dunyodagi 22 foiz ish oʻrinlari internet texnologiyalari yordamida yaratiladi.

Shu bois joriy yil 28-aprelda “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida raqamli iqtisodiyot bilan shugʻullanadigan yaxlit tizim yaratildi. Jumladan, “Elektron hukumat”, iqtisodiyot tarmoqlari va qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish, IT parklarni tashkil etish va boshqarish kabi vazifalar toʻliq vazirlik vakolatiga oʻtdi.

Shu bilan birga, qarorda yangi loyihalarning moliyaviy manbalari ham aniq koʻrsatilgan. “Elektron hukumat” doirasida 1,3 trillion soʻmlik 104 ta loyiha, iqtisodiyotning real sektorida 5,3 trillion soʻmlik 87 ta loyiha, telekommunikatsiyalar borasida 15,1 trillion soʻmlik 35 ta, agrar sohada 24 ta, IT parklar boʻyicha 18 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan.

Yigʻilishda Shavkat Mirziyoyev “Bu ishlarni kelgusi 2-3 yilda toʻliq amalga oshirmasak, har bir kechikkan yilimiz mamlakatimizni 10 yil orqaga tortadi”, deya taʼkidladi.

Xizmatlarni raqamlashtirish borasidagi hozirgi ahvol tahlil qilindi. Qayd etilganidek, davlat idoralarida mavjud 700 dan ortiq axborot tizimlarining atigi 30 foizi “Elektron hukumat” tizimiga ulangan. Davlat xizmati koʻrsatuvchi 80 ta idoraning atigi 27 tasi Davlat xizmatlari agentligiga integratsiya qilingan.

Prezidentimiz vazirlik va idoralarda axborot texnologiyalarini qoʻllash darajasiga qarab undagi rahbarlarning oylik mukofot pulini oshirish yoki kamaytirish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriq berdi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga davlat idoralari maʼlumotlar bazasini tasniflab, ularni idoralararo integratsion platformaga ulash, elektron hamkorlikning yagona texnologik talablarini joriy qilish vazifasi qoʻyildi.

Pandemiya taʼsirini inobatga olib, eng zarur boʻlgan davlat xizmatlarini tezkor ravishda elektron shaklga oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.

Toshkent shahrida elektron tibbiyot kartasi, elektron shifoxona hamda shoshilinch tibbiy yordam tizimlarini joriy etish, ijtimoiy nafaqalar hisobini yuritishga moʻljallangan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ni joriy yil yakuniga qadar ishga tushirish boʻyicha topshiriq berildi.

Davlat soliq qoʻmitasiga savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini onlayn nazorat kassa mashinalariga oʻtkazish, alkogol va tamaki mahsulotlarini markirovkalash hamda elektron hisob-faktura tizimini joriy etish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Kelgusi besh yilda sanoat korxonalarida axborot texnologiyalarini keng joriy etish hisobiga tannarxni oʻrtacha 13-15 foizga pasaytirish mumkin.

Transport vazirligiga temir yoʻllarda yuk tashish hamda Toshkent shahrida jamoat transporti xizmatlari toʻlovi uchun avtomatlashgan tizimlarni ishga tushirish, barcha transportlarga yagona elektron bilet joriy etishni tezlashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda axborot texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Jahon banki hisobotiga koʻra, keng polosali internet tarmogʻini 10 foiz kengaytirish evaziga yalpi ichki mahsulotni kamida 1 foiz oʻstirish mumkin.

Joriy yilda optik tolali aloqa qamrovini maktabgacha taʼlim tizimida 41 foizdan 100 foizga, xalq taʼlimida 40 foizdan 70 foizga, sogʻliqni saqlash sohasida 38 foizdan 100 foizga yetkazish vazifasi belgilangan. Bu orqali koʻplab qishloqlarga internet tarmogʻi yetib boradi.

Shu bois Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga ijtimoiy obyektlarni yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlash, tezkor mobil internet qamrovini yil yakunigacha 90 foizga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Bugungi kunda mavjud serverlar toʻlib borayotgani, sohadagi 300 dan ortiq loyihani amalga oshirish uchun 10 baravar koʻp quvvatli serverlar zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Axborotlarni qayta ishlaydigan markazlarni koʻpaytirish, xorijiy kreditlar jalb etib, loyiha qiymati 30 million dollarlik “data sentr” qurish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Axborot texnologiyalari qishloq xoʻjaligi, yerni hisobga olish va monitoring qilishda ham juda qoʻl keladi. Masalan, yerni kosmik zondlash orqali ekin maydonlari, vegetatsiya jarayoni, yerning meliorativ holati va minerallashuv miqdorini oʻrganish mumkin. Bu agrotexnik tadbirlarni aniq belgilab, hosildorlikni 25-30 foizgacha oshirish imkonini beradi.

Mutasaddilarga yer maydoni va suv hisobini yuritishning elektron tizimlarini ishlab chiqish, qishloq xoʻjaligida ekinlarni joylashtirishdan tortib, sotuvgacha boʻlgan jarayonlarni toʻliq raqamlashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yurtimizda axborot texnologiyalari sohasida 60 ming kishi mehnat qilmoqda. Yigʻilishda bu yetarli emasligi taʼkidlanib, soha mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Davlat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarga eng avvalo mahalliy texnoparklar rezidentlarini jalb qilish boʻyicha vazifalar belgilandi.

Kelgusi oʻquv yilida “1 million dasturchi” loyihasiga 47 ming nafar oʻquvchini qamrab olish, sohaga zamin yaratish uchun maktablarda 7-sinfdan boshlab dasturlash asoslarini oʻqitishni yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda mutasaddilar sohadagi chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan hisobot berdi.

 

O’zA