Shavkat Mirziyoyev: Yuqumli kasalliklar tarqalmasligi uchun ogoh, hushyor, tayyor boʻlishimiz kerak

Davlatimiz rahbari Toshkent shahri Chilonzor tumanida barpo etilgan Ikkinchi perinatal markazni borib koʻrdi.

Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha milliy dasturlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2019-yil 8-noyabrdagi qaroriga muvofiq reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga tibbiy yordam sifati oshirilib, koʻlami kengaytirilmoqda.

Perinatal markazda ilgʻor klinikalar tajribasi asosida eng zamonaviy qulayliklar yaratilgan. Uning birinchi qavatida koʻp tarmoqli poliklinika, yuqori qavatlarida bemorlar xonasi va umumiy amaliyot xonalari, jumladan, chaqaloqlar reanimatsiya boʻlimi joylashgan. Bu yerda bir vaqtning oʻzida 140 ta bemorni davolash mumkin.

Prezidentimiz tibbiyot markazida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Askdoctor.uz onlayn poliklinika dasturi orqali shifokorlar bilan muloqot qildi.

– Koronavirus pandemiyasi koʻzimizni ochdi. Tibbiyotda axborot texnologiyalari qanchalik muhimligini koʻrsatdi. Lekin bu boʻyicha sharoitlar ham, xodimlarning malakasi ham hali yetarli emas. Shu bois rivojlangan davlatlar tajribasi asosida dastur ishlab chiqib, telemeditsinani jadal rivojlantirish kerak. Bu vaqt va xarajatni tejaydi, epidemiologik xavfsizlikni ham taʼminlaydi. Yana yuqumli kasalliklar tarqalmasligi uchun ogoh, hushyor, tayyor boʻlishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Masofaviy texnologiyalarni tuman shifoxonalari, qishloq poliklinikalarida ham bosqichma-bosqich joriy etish, tibbiyot xodimlari va aholini undan foydalanishga oʻrgatish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Perinatal markazning 100 oʻrinli majlislar zalida yurtimiz va xorijdagi mutaxassislar bilan videokonferensiyalar oʻtkazish imkoniyati yaratilgan.

Davlatimiz rahbari mazkur zalni koʻzdan kechirdi. Har bir klinikaning chet elda hamkori boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

Markaz binosi innovatsion qurilish materiallari asosida sifatli va energiya tejamkor qilib barpo etilgan. Shoshilinch tibbiy yordam holatlari uchun barcha qulayliklar inobatga olingan.

 

O’zA