Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrining Xumbuz ovul mahallasi hududida 315 xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli yettita uy foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda shahar va qishloqlarimiz qiyofasini zamonaviy arxitektura talablari asosida o‘zgartirish jarayonida aholi turmush farovonligini yanada yuksaltirish, ayniqsa, yosh va kam ta’minlangan oilalarni uy-joy bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
– Bu oilamiz uchun haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘ldi, – deydi A.Tajimuratov. – Yangi uydagi qulayliklardan, ayniqsa, rafiqam Mehribon juda xursand bo‘ldi. Mehmon kutish, bolalar xonalari, oshxona, umuman, barchasi a’lo darajada. Bunday e’tibor uchun davlatimizdan minnatdormiz.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M.Erniyazov so‘zga chiqdi.