Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Xalqimiz milliy yuksalish va milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻygan hozirgi vaqtda barcha ezgu qadriyat va anʼanalarimiz qatori Navroʻz bayramining ham hayotimizdagi oʻrni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Ayniqsa, ushbu qadimiy bayramning ruhi va falsafasida mujassam boʻlgan yasharish va yangilanish, yaxshilik va bagʻrikenglik, tabiatni asrab-avaylab, doimo u bilan uygʻun boʻlib yashash kabi oʻlmas gʻoyalar bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning asosiy maqsadi va maʼno-mazmuniga gʻoyat hamohang ekanini taʼkidlash lozim.
Xalqimiz asrlar davomida katta shodu xurramlik bilan nishonlab kelayotgan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram sifatida belgilangan Navroʻzi olamning ana shunday beqiyos ahamiyatini hisobga olib hamda bu ayyomni yangi Oʻzbekistonning demokratik qiyofasi, obroʻ-eʼtibori va nufuziga har tomonlama munosib tarzda oʻtkazish maqsadida:
1. 2020-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qoʻmita Navroʻz bayramini Toshkent shahrida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida yuqori saviyada nishonlash boʻyicha “Navroʻzing – yangi kun, yangi davroning muborak, jonajon Oʻzbekistonim!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan Navroʻz umumxalq bayramini oʻtkazish konsepsiyasi va tashkiliy-amaliy, madaniy-maʼnaviy hamda targʻibot-tashviqot ishlari dasturini bir hafta muddatda ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
2. Mazkur konsepsiya va dasturni tayyorlashda barcha tadbirlarni tom maʼnoda umumxalq sayli va shodiyonasi sifatida oʻtkazish, ularda keng xalq ommasining faol ishtirok etishini taʼminlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:
Navroʻz kunlarida inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlik, ona zaminga mehr va eʼtibor yaqqol oʻz ifodasini topishini koʻrsatib beradigan, atrof-muhitni, uning neʼmatlarini asrab-avaylash, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuygʻusi bilan yashashga daʼvat etadigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni uyushtirish;
soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlar, xalqimizning hayoti, qalbi va ongida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlarni Navroʻzning azaliy qadriyat va anʼanalariga hamohang tarzda, taʼsirchan usullarda ifoda etish;
barcha shahar va qishloqlarda tashkil etiladigan bayram tadbirlarida, ommaviy axborot vositalarida Navroʻz bayramining tarixi, har bir hudud aholisi oʻrtasida uni nishonlash bilan bogʻliq urf-odat va anʼanalarning mohiyati va ahamiyatini keng yoritish;
xalqimizga xos boʻlgan mehr-muruvvat, ahillik va hamjihatlik fazilatlari asosida nuroniy keksalarni har tomonlama eʼzozlash, koʻmakka muhtoj insonlarga begʻaraz yordam berish bilan bogʻliq xayriya tadbirlarini amalga oshirish;
yurtimizda millatlararo doʻstlik va totuvlik muhitini mustahkamlash boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning amaliy natijalari, Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan turli millat va elat vakillarining Navroʻzni nishonlashga oid urf-odatlari, anʼana va qadriyatlarini keng namoyish etish;
obodlik va farovonlik ramzi boʻlmish Navroʻz bayrami arafasida shahar va qishloqlarda, mahallalarda umumxalq hasharlari, keng qamrovli obodonchilik va koʻkalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish;
tadbirlar boʻlib oʻtadigan joylarda hunarmandchilik koʻrgazmalari, kitob rastalari, koʻchma savdo doʻkonlari, koʻklam taomlarini tayyorlash va ularning savdosini tashkil qilish.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
a) bir hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Navroʻz umumxalq sayillarini oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:
Navroʻz umumxalq sayillari oʻtkaziladigan asosiy maydonlar, xiyobonlar va koʻchalarni belgilash, ularni milliy uslubda bayramona bezatish hamda sahnalarni oʻrnatish;
joylarda boʻlib oʻtadigan umumxalq sayillariga mahalliy folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, sirk sanʼati vakillari, oilaviy ansambllar, baxshilar, shoirlar, shuningdek, professional ijrochilar va isteʼdodli estrada artistlarini keng jalb etish;
bayram tadbirlari doirasida har bir hududga xos boʻlgan xalq oʻyinlari, tomoshalar, koʻrgazmalar va musobaqalarni oʻtkazish, bahoriy taomlar sotiladigan ochiq oshxonalarni joylashtirish;
b) bayram dasturlarini va ommaviy tomoshalarni tayyorlashda, koʻchalar, xiyobonlar va maydonlarni bezatishda katta mahorat va tajribaga ega boʻlgan ssenarist va rejissyorlar, ijodkorlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh ijrochilar, folklor sanʼati vakillaridan iborat ijodiy guruhlarni keng jalb etsin;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Navroʻz umumxalq sayillariga xorijiy va mahalliy turistlarning tashrifini tashkil etish maqsadida keng targʻibot va tayyorgarlik ishlarini amalga oshirsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari:
Toshkent shahrida respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hisobidan qoplanadi.
5. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 3-mart