Oʻzbekiston Respublikasida gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish hamda onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan shaxslarni yana-da qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

2019-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida aholiga qulay va sifatli birlamchi tibbiy-sanitariya, tez tibbiy yordam hamda ixtisoslashtirilgan yordam koʻrsatishda qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, gematologik, onkogematologik va boshqa davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish, ushbu kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish va ularni keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olish bugungi kunda aholi salomatligini muhofaza qilishning dolzarb masalalaridan biri boʻlib qolmoqda.

Aholiga gematologik yordam koʻrsatishni yangi bosqichga koʻtarish, kasalliklarning oldini olish va erta aniqlash tizimini yana-da rivojlantirish, sohaga ilgʻor tashxis usullarini joriy etish va gematologik kasalliklarni davolashda transplantatsiya usulini rivojlantirish, gematologiya va transfuziologiya xizmatlarining moddiy-texnik bazasi hamda kadrlar salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan shaxslarni davolashni moliyaviy tomondan qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlashni tashkil etish maqsadida:

1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasida gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

gematologik kasalliklarga tashxis qoʻyish uchun tibbiyot muassasalarining laboratoriyalarini reagentlar bilan taʼminlanganlik darajasini 7,5 barobarga oshirish;

respublika va hududiy tibbiyot muassasalarining gematologik kasalliklarini davolash uchun zarur boʻlgan dori vositalari bilan taʼminlanganlik darajasini 2020-yilda 6 barobarga va keyingi yillarda bosqichma-bosqich oshirib borish;

miyeloma va limfoma kasalligiga chalingan bemorlarda autologik oʻzak hujayralari transplantatsiyasini oʻtkazish;

transfuziologiya (qon bilan ishlash) xizmati moddiy-texnika bazasini yaxshilash, qon komponentlari va preparatlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda xavfsizligini taʼminlash, aholi oʻrtasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirish.

Dasturga muvofiq gematologiya xizmatini rivojlantirish uchun 546,5 milliard soʻm va 70,7 million AQSH dollari ajratilishi nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Gematologiya va transfuziologiya xizmatlarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

2020/2021 oʻquv yilidan boshlab va keyingi besh oʻquv yili davomida “Gematologiya va transfuziologiya” mutaxassisligi yoʻnalishi boʻyicha magistratura va klinik ordinaturada kadrlarni davlat grantlari asosida tayyorlash;

hududiy tibbiyot muassasalarining gematolog va laborant shifokorlarini asosiy ish joylarida oylik maoshi saqlab qolgan holda respublikaning yetakchi tibbiyot muassasalarida stajirovka oʻtishi va malaka oshirishini tashkil etish;

gematologiya yoʻnalishi boʻyicha kadrlarni xorijiy oliy taʼlim va ilmiy muassasalarning klinik ordinatura (rezidentura), magistratura va doktorantura bosqichlarida tayyorlash.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining:

Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish instituti negizida Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini (keyingi oʻrinlarda – Markaz);

Buxoro, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari kattalar va bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan oʻrin-joylar sonini oshirish hisobiga gematologiya boʻlimlarining kattalar va bolalar uchun moʻljallangan oʻrin-joylarini mos ravishda 20-30 taga yetkazish hamda Toshkent shahridagi tegishli tibbiyot muassasasida 20-30 oʻrinli kattalar boʻlimini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

a) Markaz:

Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutining barcha huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tibbiyot tashkilotlarining gematologiya boʻlimlari faoliyatiga tashkiliy-metodik rahbarlik qiladi;

b) 2020-yil 1-apreldan boshlab Markazga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining faoliyatini yuritish bilan bogʻliq amaldagi tartib tatbiq etiladi.

5. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “Hududgaztaʼminot” AJ, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Toshkent shahar hokimligining “Hududgaztaʼminot” AJ Chilonzor tuman gaz taʼminoti filialining Toshkent shahar, Chilonzor tumani, 5-mavze, 55-a uyda joylashgan bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birga Markaz infratuzilmasini yaxshilash maqsadida Markazga bepul oʻtkazib berish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

Toshkent shahar hokimligi ikki oy muddatda “Hududgaztaʼminot” AJ Chilonzor tuman gaz taʼminoti filialiga tegishli yer maydoni ajratilishini taʼminlasin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Qurilish vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-sentyabrga qadar Markazga yangi bino qurish va mavjud binolarni rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish choralarini koʻrsin.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti hisobidan Markazning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga zarur mablagʻlar ajratish choralarini koʻrsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020-2022 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturining asosiy parametrlariga Markazga yangi bino qurish va mavjud binolarni rekonstruksiya qilish loyihasini kiritish boʻyicha belgilangan tartibda tegishli oʻzgartirish va (yoki) qoʻshimchalar kiritilishini taʼminlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

9. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga tushadigan tamaki mahsulotlari uchun aksiz soligʻi yigʻim summasining 7 foizi;

Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

10. Belgilansinki:

a) Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tashxis qoʻyiladigan va davolanadigan onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;

b) Jamgʻarma mablagʻlaridan:

onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish uchun tegishli tibbiyot muassasalariga asbob-uskunalar, dori vositalari, tibbiy buyumlar, laboratoriya reaktivlari va boshqa sarflash vositalarini sotib olishda;

onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklar boʻyicha yuqori texnologiyali murakkab operatsiyalarni amalga oshirish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb qilishda;

onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarga respublika hududidagi davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarining yuqori texnologik tashxis va tibbiy yordam koʻrsatish xizmatlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash uchun foydalaniladi.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Jamgʻarma toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda Jamgʻarma mablagʻlarini sarflashning aniq va shaffof tartibi, uning daromadlari va xarajatlari boʻyicha hisobot berish, oshkoralik va xolislikni taʼminlash masalalarini nazarda tutsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bir oy muddatda:

Markazning tuzilmasi va ustavini;

respublika, viloyat va tuman (shahar) miqyosida koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar hajmi va turi boʻyicha gematologik tibbiy yordam koʻrsatish tartibini;

mutaxassislarning funksional vazifalarini hamda gematolog kabineti va boʻlimini jihozlash standartlarini tasdiqlasin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlarining har yilgi parametrlarini shakllantirishda ushbu qaror bilan tasdiqlangan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin;

Jamgʻarmaga belgilangan miqdordagi mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan yoʻnaltirilishini taʼminlasin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Dasturda koʻzda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xalqaro hukumat moliyaviy tashkilotlarining imtiyozli kreditlari (qarzlari) va grantlarini jalb qilish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga
3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qaror ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov – mazkur qarorning oʻz vaqtida sifatli va toʻliq ijro etilishini taʼminlasin, unda koʻrsatilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun masʼul vazirlik, idoralar va tashkilotlar faoliyatini samarali muvofiqlashtirsin, ularning bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarini har chorakda qabul qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish choralarini koʻrsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov – mazkur qaror bilan belgilangan tegishli chora-tadbirlarni toʻliq hajmda moliyalashtirilishini taʼminlasin, ajratilayotgan byudjet mablagʻlarining samarali foydalanishi ustidan nazorat oʻrnatilishini tashkil qilsin;

Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.K.Shadmanov – aholiga gematologik yordam koʻrsatish sifatini yaxshilash, kasalliklar profilaktikasi, erta tashxis qoʻyish va davolash choralarini takomillashtirsin, Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini taʼminlasin hamda mazkur qaror ijrosi boʻyicha har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;

Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari B.M.Nizamov – Markazga yangi bino qurish va mavjud binolarni rekonstruksiya qilish, gematologiya va transfuziologiya xizmatlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani belgilangan muddatlarda va toʻliq hajmda xarid qilish ishlarining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlasin hamda sohaga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining grant mablagʻlarini keng jalb qilsin;

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Koʻchimov va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. A.D.Xadjayev – ushbu qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, press-konferensiyalar, tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etsinlar.

Oʻzbekiston Respublikasi
           Prezidenti                                                                                                                      Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 10-fevral

O’zA