Milliy raqs sanʼatini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Koʻp asrlik boy va betakror madaniyatimizning ajralmas qismi boʻlgan milliy raqs sanʼatining xalqimiz maʼnaviyati, badiiy-estetik qarashlarini yuksaltirish, yosh avlodni milliy qadriyat va anʼanalarimizga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi oʻrni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Bu esa ushbu sanʼatni bugungi kunda jamiyatimiz hayotining barcha sohalarida roʻy berayotgan tub oʻzgarishlarga mos holda rivojlantirish, milliy raqsning turli yoʻnalish va namunalarini, mamlakatimizning turli mintaqalarida shakllangan mumtoz raqs maktablarini qayta tiklash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish hamda bu boradagi taʼlim-tarbiya, targʻibot ishlarini kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Taʼkidlash joizki, nafaqat mamlakatimizda, balki dunyo miqyosida ham mashhur boʻlgan Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi “Bahor” ansambli oʻzining qariyb 30 yillik faoliyati davomida oʻzbek milliy raqs sanʼati rivojida oʻchmas iz qoldirdi. Biroq mustaqillikning dastlabki yillarida “Bahor” ansamblining ijodiy faoliyati toʻxtab qoldi.

Shularning barchasini hisobga olgan holda milliy raqs sanʼatida professional badiiy jamoalar faoliyatini kengaytirish, iqtidorli yoshlarni izlab topish va ularni tarbiyalash, baletmeysterlar va balet artistlarining yangi avlodini shakllantiradigan ijodiy laboratoriyalarni tashkil etish, ularning malaka va tajribasini oshirish, shuningdek, oʻzbek raqs sanʼatining “oltin fondi”ni yaratish va boyitish, xalqaro nufuzini yana-da oshirish va keng targʻib etish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida “Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli” (keyingi oʻrinlarda – Davlat raqs ansambli) faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Davlat raqs ansamblining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

Oʻzbekistonda raqs sanʼatini yana-da rivojlantirish, bu borada shakllangan ijodiy maktablarga xos anʼanalarni, mohir baletmeysterlar, balet artistlari merosini tiklash;

milliy raqs sanʼatining mumtoz va zamonaviy ijro namunalari “oltin fondi”ni yaratish;

xalqimiz, xususan, yosh avlodni milliy raqs sanʼati haqidagi nazariy va amaliy bilimlar bilan keng tanishtirish orqali ularning qalbi va ongida milliy oʻzlikni anglash, ajdodlar merosiga hurmat tuygʻusini, yuksak badiiy-estetik did va tafakkurni kamol toptirish;

raqs va xoreografiya sanʼati sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etishda ishtirok etish, isteʼdodli yosh baletmeysterlarning samarali faoliyat koʻrsatishi uchun sharoitlar yaratish;

milliy raqs va xoreografiya sanʼati sohasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlarning natijalari asosida zamonaviy raqs kompozitsiyalarini sahnalashtirish;

milliy raqs sanʼatini mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda keng targʻib qilish maqsadida Davlat raqs ansamblining milliy hamda jahon xalqlari raqslaridan iborat dasturlari asosidagi gastrol-konsert faoliyatini yoʻlga qoʻyish.

3. Quyidagilar:

“Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli” davlat muassasasining tuzilmasi 1-ilovaga;

“Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli” davlat muassasasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Davlat raqs ansambli faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar;

shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;

xalqaro moliya institutlari hamda donor tashkilotlarning grantlari;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Bunda Davlat raqs ansambliga Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetidan mablagʻlar uning oʻz daromadlari bilan qoplanmagan qismi uchun ajratiladi.

5. Davlat raqs ansambli artistlari hamda badiiy xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1995-yil 20-oktyabrdagi PF–1280-son “Oʻzbekistonda teatr va musiqa sanʼatini yana-da rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonining amal qilishi, artistlar hamda badiiy xodimlarning avvalgi ish joylarida uzoq muddat xizmat qilgani saqlab qolingan holda, tatbiq etilsin.

6. Belgilab qoʻyilsinki:

Davlat raqs ansamblini saqlash xarajatlari 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi, 2021-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti doirasida nazarda tutiladi;

Davlat raqs ansambli qonun hujjatlari talablariga rioya qilgan holda, konsert-tomosha faoliyatini tegishli litsenziya olmasdan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida konsert-tomosha tadbirlarini bir martalik ruxsatnoma olmasdan amalga oshirish huquqiga ega;

Davlat raqs ansamblining direktori va badiiy rahbari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

7. Davlat raqs ansambliga:

2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan 1 ta yengil avtotransport vositasi uchun mablagʻ ajratilishi;

byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan 2 ta avtobus va 1 ta yuk avtotransport vositasini xarid qilish hamda saqlash uchun limit belgilansin.

8. Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Davlat raqs ansamblining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ijodkorlari ijtimoiy sharoitini yaxshilash maqsadida doimiy ravishda homiylik yordami koʻrsatishni nazarda tutuvchi “Doʻstlar klubi”ni tashkil etish boʻyicha bergan taklifiga rozilik berilsin.

9. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi oʻz tizimi uchun byudjetdan ajratilgan yillik mablagʻlar doirasida doimiy ravishda Davlat raqs ansambliga “Toshkent radio eshittirish uyi”dagi ovoz yozish studiyalari va texnik vositalardan tekin foydalanish hamda Davlat raqs ansambli tomonidan ijro etiladigan raqslarga bastalangan musiqiy asarlarni yozib olish, efirga uzatish va targʻib qilishda amaliy yordam koʻrsatsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 10 kun muddatda Davlat raqs ansamblini joylashtirish uchun bino ajratish, binoni rekonstruksiya qilish va zarur vositalar bilan jihozlash yuzasidan Hukumat qarorini qabul qilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Ushbu qaror ijrosining nazorati quyidagi tartibda amalga oshirilsin:

Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov – ushbu qaror ijrosini oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirilishini taʼminlasin, belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil qilsin hamda muvofiqlashtirsin, har chorakda ular rahbarlarining bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarini qabul qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrsin;

Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O.A.Nazarbekov – ushbu qaror va chora-tadbirlarni ijro etish yuzasidan barcha zarur choralar koʻrilishini taʼminlasin, belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishda masʼul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatsin hamda uning ijrosi boʻyicha har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;

masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari – ushbu qaror va chora-tadbirlarda nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarish yuzasidan barcha choralarni amalga oshirsin;

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Koʻchimov, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. A.D.Xadjayev – ushbu qarorning mazmun-mohiyati, ahamiyati va mamlakatimizda milliy raqs sanʼatini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarni muntazam yoritib borsin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                              Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 4-fevral 

 

OʻzА