Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Yurtimizda aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, ularning qishki sport turlari bilan shugʻullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar va infratuzilma yaratish, mamlakat sportchilarining xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishlarini taʼminlash maqsadida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, qishki sport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish borasida bir qator qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish zarurati vujudga kelmoqda. Jumladan:
joylarda qishki sport turlari boʻyicha musobaqalarning tizimli oʻtkazilishini yoʻlga qoʻyish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni tanlab olishning (seleksiya) samarali va shaffof tizimini yaratish, terma jamoalar tarkibini sifatli shakllantirish uchun yuqori malakali sportchilar zaxirasi tayyorlanishini taʼminlash;
qishki sport turlarini rivojlantirish uchun zamonaviy moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda xalqaro standartlarga javob beradigan sport anjomlari, asbob-uskunalar va jihozlar bilan taʼminlash;
qishki sport turlari boʻyicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yaratish;
davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qishki sport turlari boʻyicha zamonaviy moddiy-texnika bazasi va infratuzilmani yaratish boʻyicha nodavlat sektor bilan oʻzaro munosabatlarni yoʻlga qoʻyish.
Qishki sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish, Oʻzbekiston sportchilarini xalqaro sport musobaqalari, shu jumladan, Pekin shahrida (Xitoy) 2021-yilda boʻlib oʻtadigan qishki Osiyo oʻyinlari hamda 2022-yilda oʻtkaziladigan XXIV qishki Olimpiya oʻyinlariga tayyorlash va ushbu musobaqalarda munosib ishtirokini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekistonda qishki sport turlarini 2020–2023-yillarda rivojlantirish dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar Dasturni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi doirasida nazarda tutiladigan mablagʻlar;
sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar, Toshkent shahar mahalliy byudjetlari, jamgʻarmalar, sport federatsiyalari (uyushmalari), klublari, xorijiy investorlar, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari mablagʻlari;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3. 2023-yil 1-yanvarga qadar Qishki sport turlari assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston xokkey federatsiyasi, ularning hududiy boʻlinmalari, qishki sport turlari boʻyicha professional klublari va nodavlat bolalar sport maktablari:
qishki sport turlari boʻyicha sport obyektlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun zarur boʻlgan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha olib kelinadigan Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari, inventarlari va maxsus professional sport kiyimlari, transport vositalari, shu jumladan, maxsus transport vositalarini olib kirganlik uchun bojxona boji toʻlashdan ozod qilinadi.
2020 – 2023-yillarda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida hududlarda xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy sport asbob-uskunalari bilan jihozlangan yengil konstruksiyali yopiq muz qoplamali maydonlarni qurish;
qishki sport turlari boʻyicha xorijiy mutaxassis va trenerlarni ishga jalb qilish hamda ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida belgilangan tartibda xizmat uylari sifatida uy-joy ajratish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Belgilab qoʻyilsinki, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida barpo etiladigan yopiq muz qoplamali maydonlarning loyiha-smeta hujjatlari majburiy tartibda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga 2020/2021 oʻquv yili uchun ajratilgan qabul parametrlarini yoʻnalishlar boʻyicha taqsimlashda qishki sport turlari uchun oʻrin ajratilishini taʼminlasin;
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida qishki sport turlari kafedrasini tashkil qilsin;
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda 2020-yilning yakuniga qadar Jismoniy tarbiya va sport vazirligi “Sertifikatlashtirish va kompyuterlashtirish markazi” davlat korxonasining Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida joylashgan “Beldirsoy” sport bazasida xalqaro va respublika darajasidagi musobaqalarni oʻtkazish uchun yengil konstruksiyali bino va inshootlar barpo etish, yoʻl-transport infratuzilmasini yaxshilash, dor yoʻlini zamonaviy anjom, asbob-uskunalar va jihozlar bilan taʼminlash ishlarini amalga oshirsin;
Oʻzbekiston qishki sport turlari assotsiatsiyasi va Oʻzbekiston xokkey federatsiyasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasining xorijda taʼlim olish, stajirovkadan oʻtish va malaka oshirish dasturlari boʻyicha ochiq stipendiya tanlovlarida qishki sport turlari boʻyicha professor-oʻqituvchilar tarkibi va trenerlarning faol ishtirokini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha respublika oliy sport mahorati maktabining Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani Chimyon qishlogʻida joylashgan “Paxtakor” sport bazasini rekonstruksiya qilish ishlarini tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq 2020–2021-yillar uchun moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda zarur markazlashtirilgan kapital qoʻyilmalar limiti belgilangan tartibda ajratilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekistonda qishki sport turlarini rivojlantirish hamda ushbu soha uchun malakali trenerlarni tayyorlash muammolariga bagʻishlangan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 2020–2021-yillarga moʻljallangan ilmiy-amaliy loyihalar tanlovini tashkil qilsin.
8. Qishki sport turlari assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston xokkey federatsiyasi, ularning hududiy boʻlinmalari, qishki sport turlari boʻyicha professional klublar va nodavlat bolalar sport maktablariga olti oydan koʻp boʻlgan muddatga tuzilgan shartnomalar asosida jalb qilingan xorijiy sportchilar va mutaxassislar Oʻzbekiston Respublikasi soliq rezidenti deb hisoblanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
9. Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Toshkent shahar hokimligi tizimidagi “Oromgoh” davlat unitar korxonasining Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani Chimyon qishlogʻida joylashgan ikkita dor yoʻli hamda changʻida uchish trassasini tegishli hududi bilan birgalikda Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha respublika oliy sport mahorati maktabiga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Toshkent shahar hokimligi ikkita dor yoʻli hamda changʻida uchish trassasini belgilangan tartibda topshirilishini, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi qabul qilib ??olishini hamda ulardan samarali foydalanilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qaror ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimov – qishki sport turlari boʻyicha zamonaviy sport inshootlarini barpo etish va infratuzilmani rivojlantirish choralarini koʻrsin (shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida), ushbu qarorda belgilangan vazifalarni toʻliq va sifatli amalga oshirish uchun aloqador vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirsin, har oyda ular rahbarlarining bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarini qabul qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.H.Nabiyev – Oʻzbekistonda qishki sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin, sportning mazkur turlari boʻyicha faoliyat olib borayotgan nodavlat tashkilotlar (federatsiyalar, assotsiatsiyalar va boshqalar) bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻysin, Dasturda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishda masʼul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari – mahalliy va xorijiy tadbirkorlik subyektlariga, tashkilotlarga jismoniy tarbiya va sport-sogʻlomlashtirish majmualari hamda sport inshootlarini qurish uchun yer uchastkalarini belgilangan tartibda ajratsin, hududlarda qishki sport turlarini rivojlantirish uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari – Dasturda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Koʻchimov, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. bajaruvchi A.D.Xadjayev – qishki sport turlarini ommalashtirishga qaratilgan maqolalar, tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etsin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 4-fevral