Oʻzbekiston oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun ochiqdir

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida ushbu mamlakatda chop etiladigan “Nikkei” gazetasiga intervyu berdi.
1876-yilda asos solingan, dunyodagi yirik moliyaviy nashrlardan biri boʻlgan ushbu gazeta 3 milliondan ziyod nusxada chop etiladi. Quyida ushbu intervyuning tarjimasi berilmoqda.
– Muhtaram Prezident Janoblari, Siz Yaponiya bilan ikki tomonlama munosabatlar, ayniqsa, iqtisodiyot sohasidagi oʻzaro hamkorlikning bugungi holatini qanday baholaysiz?
– Yaponiya Oʻzbekiston uchun doimo vaqt sinovidan oʻtgan, ishonchli va strategik sherik boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi.
Yaponiya hukumatining koʻmagida, “Rivojlanish uchun rasmiy yordam” dasturi doirasida mamlakatimizda qiymati 4 milliard dollardan ziyod boʻlgan yirik loyihalar amalga oshirildi.
Iqtisodiy hamkorligimizning asosiy sohalari – bu elektr energetikasi, neft-gaz, neft-kimyo va kimyo tarmoqlari, mashinasozlik va turizm hisoblanadi.
Ishonamanki, boʻlajak Oʻzbekiston – Yaponiya sammiti doirasida erishilgan kelishuvlar ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda yangi davrni boshlab, sheriklik aloqalarimizning yangi yoʻnalishlarini belgilab beradi.
– Yaponiyaga tashrifingiz doirasida qanday ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi koʻzda tutilgan?
– Tashrif davomida Yaponiya yetakchi kompaniyalarining toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarini nazarda tutadigan bir qator shartnomalarni imzolashni rejalashtirganmiz.
Amalga oshirilishi belgilangan qoʻshma investitsiyaviy loyihalarning umumiy qiymati 6 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.
Yirik va muhim ahamiyatga molik loyihalar orasida qiymati qariyb 2 milliard dollar boʻlgan Navoiy issiqlik elektr stansiyasining uchinchi va toʻrtinchi bugʻ-gaz qurilmasini qurish boʻyicha ishlar davom ettirilishini alohida taʼkidlashni istardim. Yana bir muhim loyiha (qiymati 200 million dollar) meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, Oʻzbekistonda eksportga yoʻnaltirilgan zamonaviy qishloq xoʻjaligi klasterlarini tashkil etishga qaratilgan.
– Oʻzbekiston iqtisodiyotining asosiy salohiyati va jozibador jihatlarini nimalarda koʻrasiz?
– Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda investitsiya muhitining yaxshilanishi natijasida xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni 2 barobarga ortdi. Bugungi kunda ularning soni 10 mingni tashkil etmoqda.
Biz bu yil xorijiy investitsiyalarni uch barobar koʻp, yaʼni 7 milliard dollardan kam boʻlmagan miqdorda oʻzlashtirishni moʻljallab turibmiz.
Oʻzbekiston ulkan mineral-xomashyo resurslariga ega boʻlib, oltin, uran, mis, kaliy tuzlari, fosforitlar kabi foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha dunyodagi oʻnta yetakchi davlat qatorida qayd etiladi. Biz birgalikda ilgʻor yapon texnologiyalari yordamida ularni yanada chuqur qayta ishlash va yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni taʼminlashga erishishimiz mumkin.
– Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor boʻlgan barcha davlatlar va kompaniyalarni qiziqtiradigan bir savol bilan murojaat qilishga ruxsat etsangiz: mamlakatda keng miqyosdagi islohotlar davom ettiriladimi, keyingi tarkibiy oʻzgarishlar qanday boʻladi?
– Koʻp yillar davomida toʻplanib qolgan muammolarni hal qilish, xalqaro maydonda milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini taʼminlash uchun 2017-yildan eʼtiboran, Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, mamlakatni yangilash va modernizatsiya qilish boʻyicha keng koʻlamli islohotlarni boshladik. Iqtisodiyotni liberallashtirish ishlari va maʼmuriy islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda, milliy valyutaning erkin konvertatsiyasi joriy etildi.
Biz raqobat va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, xususiy mulkni himoya qilishning qatʼiy kafolatlari, mazkur sohada ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, biznes va sarmoya muhitini yaxshilashga muhim ahamiyat qaratmoqdamiz. Bularning barchasi, jumladan, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishiga qaratilgan.
Biz xorijiy investorlarning qoʻllab-quvvatlashidan umidvormiz. Hukumatimiz xorijiy investitsiyalarni imkon qadar himoya qilish va Oʻzbekistonga sarmoyalar oqimini kengaytirish maqsadida ishonchli ragʻbatlantirish omillarini taʼminlash uchun barcha zarur choralarni koʻradi.
Bugungi kunda Oʻzbekistondagi demokratik islohotlar ortga qaytmaydigan darajada muqarrar tus oldi, deb aytish uchun barcha asoslarimiz bor. Chunki, bu islohotlar bizning milliy manfaatlarimizga, xalqimizning orzu-intilishlariga mos keladi.
– 2016-yilda mamlakat Prezidenti lavozimiga saylanganingizdan soʻng Siz hokimiyatni demokratlashtirish va uning ochiqligini taʼminlash siyosatini amalga oshirishga kirishdingiz. Ushbu siyosat davom ettiriladimi va shu jihatdan qaraganda, boʻlajak parlament saylovlarining ahamiyati nimalardan iborat?
– Davlat rahbari sifatidagi faoliyatimning ilk kunlaridan boshlab jamiyatimiz hayotining barcha sohalarini liberallashtirish, mamlakatning yangilanishi va modernizatsiya qilinishiga birinchi darajali ahamiyat qaratib kelmoqdaman.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi.
Shuni qayd etish kerakki, Oʻzbekiston viza rejimi eng liberal davlatlar roʻyxatida MDH hududida ikkinchi va Markaziy Osiyoda birinchi oʻrinda turadi. Hozirgi vaqtda bizning mamlakatimizga 86 ta davlat fuqarolari kirish vizasini olmasdan kelib-ketishi mumkin.
Bugun Oʻzbekiston aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Biz, albatta, yosh avlod haqida har tomonlama gʻamxoʻrlik qilamiz.
Boʻlajak parlament saylovlari milliy mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, Oʻzbekistonning dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirishi yoʻlidagi yana bir amaliy qadam boʻladi.
– Oʻzbekiston tashqi siyosatda qanday tamoyillarga tayanadi?
– Bizning maqsadimiz – xalqaro maydonda, jumladan, jahon xoʻjalik munosabatlarida munosib oʻrin egallashdan iborat. Oʻz-oʻzidan ravshanki, tashqi siyosatimizning bosh ustuvor yoʻnalishi – Markaziy Osiyo mintaqasidir. Soʻnggi uch yil mobaynida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllandi, oʻzaro siyosiy ishonch sezilarli darajada ortdi, kooperatsion va gumanitar aloqalar faollashdi.
Mintaqamizda barqarorlikni taʼminlash qoʻshni Afgʻonistonda tinchlikka erishish bilan chambarchas bogʻliqdir.
Yevroosiyoning transport-tranzit va ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga qaratilgan xalqaro tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaymiz, mintaqamiz orqali Sharqdan Gʻarbga va Shimoldan Janubga oʻtadigan mavjud transport va iqtisodiy koridorlarni mustahkamlash va yangilarini yaratish tarafdorimiz.
Biz barcha sherik davlatlar – Rossiya, AQSH, Xitoy, Janubiy Koreya, Yevropa davlatlari va musulmon dunyosi mamlakatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdormiz.

 

OʻzА