Mamlakatimizda bunyodkorlik ishlarining ko‘lami kengaymoqda.
Xorazm viloyatida ham qurilish sohasi jadal rivojlanmoqda. So‘nggi yillarda barcha loyihalarda energiya tejamkorlik talabi qo‘yilmoqda. Shu bois bazalt xomashyosiga talab oshib borayotir. Tahlillarga ko‘ra, viloyatda bunday mahsulotdan tayyorlangan plitalarga yillik talab taxminan 8 ming tonnani tashkil etadi.
Urganch shahridagi sanoat zonasida joylashgan, loyiha qiymati 41 million yevro bo‘lgan korxonada yiliga 30 ming tonna bazalt mineral plitalari ishlab chiqariladi. 300 nafar xodim ish bilan ta’minlanib, yiliga 10 million AQSH dollari hajmidagi mahsulot eksportga yo‘naltiriladi. Xomashyo Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qoratau tog‘idan olib kelinadi.
Bazalt tolali plitalar bino ichida mo‘’tadil haroratni hosil qilishi, tashqi ta’sirlarga va yong‘inga chidamliligi, ekologik toza mahsulotligi bilan qator afzalliklarga ega. Shaharsozlik norma va qoidalarining “Qurilish issiqlik texnikasi” talablariga muvofiq, bino devorlariga materiallarni uning tashqarisidan joylashtirish kerak. Bunda samarali bazalt plitalaridan foydalanish talab etiladi.
– 2021 yilda loyihani amalga oshirish ishlari boshlangan bo‘lsa, 2024 yilning fevral oyi oxirida Prezidentimiz tashrifidan so‘ng korxonani ishga tushirdik, – deydi “KHOREZM INSULATION GROUP” THERMO PLUS korxonasi rahbari Farrux Murtozayev.– Korxonamizda ishlovchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Ishchi-xizmatchilar issiq ovqat, maxsus kiyim va transport bilan ta’minlangan. Bugungi kunda tovarlarimizni ichki bozirdan tashqari, Rossiya, Belarus, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Yevropa davlatlariga ekport qilmoqdamiz.
Mutaxasislar fikriga ko‘ra, korxonaning aynan Xorazm viloyatida tashkil etilishining asosiy sababi mahalliy aholiga bo‘sh ish o‘rni yaratish va viloyatning iqtisodiy salohiyatini oshirishdir. Shuningdek, ishlab chiqarish uchun bazalt xomashyosi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qoratau tog‘idan olinishi bunga qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Germaniya, Turkiya va Rossiya davlatlaridan keltirilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan korxonada hozir mahalliy aholi uchun 300 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Xodimlar malakasini oshirish uchun chet ellik mutaxassislar tomonidan o‘quv treninglari ham tashkil etilgan.
Bazalt plitalari o‘ziga xos texnik xususiyatga ega bo‘lib, analogik mahsulotlardan tubdan farq qiladi. Asosiy afzalliklari bu uning yuqori issiqlikni saqlashi va uzoq yillar davomida tarkibi hamda xususiyatini yo‘qotmasligidir. Shuningdek, bazalt plitalari namlikka chidamli, tovush yutish hususiyatiga ega bo‘lib, o‘tda yonmaydi va o‘t o‘tkazmaydi.
– Bazalt plitasi binoni qishda sovuqdan, yozda issiqdan termoizolatsiya qiladi. Biz ob’ektning xususiyatidan kelib chiqib 100 va 150 millimetr qalinlikdagi plitalardan foydalanmoqdamiz. Bazalt plitasi boshqa qoplamalardan qimmatroq bo‘lishi mumkin. Lekin bir necha o‘n yillar davomida ushbu binodan foydalanuvchilarga energiya tejamkorlikda foyda keltiradi.
So‘nggi yillarda butun dunyo bo‘ylab barcha sohalarda elektr energiyasini tejash vazifasi ilgari surilmoqda. Shu bois bazalt mahsulotlariga talab kundan kunga ortib bormoqda. Muhimi, mahsulotga ichki va tashqi bozorda talab katta.
Tahlillarga ko‘ra, hozirgi vaqtda mamlakatimizda bazalt issiqlik izolyatsiyasi ishlab chiqarish quvvati 170 ming tonnani tashkil etayotgan bo‘lsa, yaqin kelajakda ushbu ko‘rsatgich yana 100 ming tonnaga ortishi va qariyb 300 ming tonnaga yetishi kutilmoqda. Ayni kunlarda korxonada mahsulotlar sifatini yanada yaxshilash, mahalliylashtirish darajasini oshirishga e’tibor qaratilmoqda.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari