“Yuksalish” harakatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi amaldagi qonunlar hamda harakatning Ustav va Nizomida belgilangan vazifalardan kelib chiqib o‘tgan 2024 yilda bir qancha ishlarni amalga oshirdi.
Jumladan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasini mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan 7 ta jamoatchilik muhokamasi tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda ishtirokchilar tomonidan 30 ta, faol fuqarolar tomonidan 52 ta taklif bildirildi. Jami 82 ta taklif hududiy bo‘linma tomonidan jamoatchilik.uz platformasiga kiritildi.
– Ushbu davr mobaynida jamoatchilik guruhi a’zolari bilan hamkorlikda Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturida belgilangan maqsadlarning amalga oshirilishi yuzasidan jamoatchilik nazorati tadbirlari, ya’ni jamoatchilik monitoringi o‘tkazilib borildi, – deydi “Yuksalish” harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi rahbari Tajibay Romanov. – Hududiy bo‘linma tashabbusi bilan Davlat dasturlari, Prezident farmonlari, hamda qarorlari, hukumat qarorlari ijrosi yuzasidan jami 23 marotaba jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda uy-joy qurish, ularning seysmik holati, ijtimoiy ob’ektlar, jumladan, umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim hamda madaniyat muassasalarida qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari bajarilishi o‘rganildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ikki marotaba “Bir million daraxt” aksiyasi o‘tkazildi. Mazkur aksiyalar doirasida 100 dona manzarali ko‘chat ekildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi bilan hamkorlikda “Huquqiy maslahatlar kuni” aksiyalari o‘tkazildi. Tadbirda ishtirokchilarga oila huquqi, mulkiy va nomulkiy huquq hamda majburiyatlari, notarial hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida bepul huquqiy maslahatlar berildi.
Shuningdek, nikoh, hadya, ijara va mol-mulk oldi-sotdi shartnomalari hamda meros vasiyatnomalari va boshqa turli muammoli masalalar yuzasidan huquqiy maslahatlar berilib, bepul yuridik yordamlar ko‘rsatildi. Bundan tashqari, sentyabr va dekabr oylarida “Biz donormiz” aksiyasi o‘tkazildi. Mazkur aksiyada Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, oliy ta’lim muassasalari, mahalla yettiligi va faol fuqarolar ishtirok etdi.
– Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yil davomida muntazam ravishda turli mavzularda davra suhbati, ochiq muloqot va uchrashuvlar o‘tkazildi. Jumladan, ularda mamlakatimizda davlat va ijtimoiy qurilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berish, qarorlar qabul qilish jarayonlariga aholini faol jalb qilish bo‘yicha ularning fikr va takliflarini o‘rganish, fuqarolarning, ayniqsa, yoshlarning ijodiy va iqtisodiy salohiyatini hayotga tatbiq etish masalalari muhokama etildi. Ushbu tadbirlarda bildirilgan takliflar umumlashtirilib, davlat dasturi loyihasiga kiritilib borildi, – deydi hududiy bo‘linmasi rahbari Tajibay Romanov. – Shuningdek, hududiy bo‘linma tomonidan joriy “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olingani ish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Bunda asosiy e’tibor mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi yuzasidan aholini xabardor qilish, jamoatchilik nazoratining samarali tizimini shakllantirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning sa’y-harakatlari va kuchlarini safarbar etishga qaratildi.
Davlat va milliy dasturlarning bajarilishi yuzasidan monitoringlar va eshituvlar tashkil etish, aholini bugungi kunda qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish singari ustuvor vazifalarni amalga oshirishni maqsad qilgan “Yuksalish” harakati joriy yilda ham ijobiy natijalarga erishadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri