Ekologik barqarorlikni ta’minlashda davlat va jamoat organlari, keng jamoatchilik vakillari birgalikda faol ish olib bormoqda.

Sohada faoliyat yuritayotganlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning mehnatlarini munosib rag‘batlantirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvoni ta’sis etiladi. Shu maqsadda ishlab chiqilgan qonun Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida ko‘rib chiqildi.

Mazkur faxriy unvon ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini rivojlantirish, tabiatni asrab-avaylash, bioxilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash borasida salmoqli natijalarga erishgan fuqarolarga berilishi maqsad qilingan.

Ekologik jihatdan toza va innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish, yashil hududlarni kengaytirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbus ko‘rsatgan, aholining ekologik madaniyatini oshirish, yosh avlodni tabiatga hurmat ruhida tarbiyalash hamda tizimda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash borasida fidokorona mehnat qilayotgan mutaxassis-xodimlar va soha vakillari, ekofaollarga ham ushbu mukofot berilishi ko‘zda tutilgan.

Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama qilindi.

Qonun bilan Fuqarolik va Uy-joy kodekslariga, “Raqobat to‘g‘risida” va “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonunlarga qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lgan iste’molchilar qisqa xabar (SMS) orqali xabardor qilinganidan keyin mazkur qarzdorlik bartaraf etilguniga qadar ulardan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishni vaqtinchalik cheklashga qaratilgan huquqiy normalar belgilanishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, ijaraga, arendaga oluvchilariga kommunal xizmatlar ko‘rsatish majburiy to‘lovlar uch oydan ortiq to‘lanmagan taqdirda to‘xtatib turilishidan qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash hamda olib chiqish xizmatlari mustasno ekanligi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, qo‘mita tomonidan xalq deputatlari mahalliy kengashlarining Agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari a’zolari uchun o‘quv seminari o‘tkazildi.

Qishloq xo‘jaligini isloh qilish va rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish, atrof-muhitni asrash, yuzaga kelayotgan muammolar va ularni o‘z vaqtida hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kabi vazifalar belgilab olindi.

Seminarda doimiy komissiya a’zolari muhokama etilgan masalalar bo‘yicha o‘z fikrlari va takliflarini bildirdi.

N.Abduraimova, O‘zA