Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
f a r m o n i
2020-yilda fuqarolarning rasmiy sanalarni nishonlash davrida toʻliq dam olishi uchun shart-sharoitlar yaratish, dam olish va bayram kunlaridan oqilona foydalanishini taʼminlash maqsadida:
1. 2020-yilda 23-mart – dushanba qoʻshimcha dam olish kuni etib belgilansin.
2. 2020-yilda quyidagi dam olish kunlari koʻchirilsin:
4-yanvar – shanba 2-yanvar – payshanbaga;
29-avgust – shanba 31-avgust – dushanbaga.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
2020-yil 2-yanvar payshanba va 2020-yil 31-avgust dushanba kuni barcha xodimlar uchun ish haftasining turidan qatʼi nazar, dam olish kuni hisoblanadi;
byudjet tashkilotlarida ushbu Farmonning 1-bandida belgilangan qoʻshimcha dam olish kuni har yilgi mehnat taʼtilining davomiyligini bir ish kuniga qisqartirish hisobiga qoplanadi;
har yilgi mehnat taʼtili davrida saqlanadigan oʻrtacha oylik ish haqi miqdorini hisoblashda mehnat taʼtilining amaldagi davomiyligi hisobga olinadi, unga ushbu Farmonda belgilangan qoʻshimcha dam olish kuni qoʻshiladi;
har yillik mehnat taʼtilining davomiyligi qisqartirish hisobga olingan holda oʻn besh ish kunidan kam boʻlmasligi kerak;
byudjet tashkiloti hisoblanmagan tashkilotlarda ushbu Farmonning
1-bandiga muvofiq qoʻshimcha dam olish kuni mehnat taʼtiliga qoʻshimcha boshqa kunlar bilan bir qatorda moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, jamoa shartnomalari yoki ish beruvchilar tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitalari bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa lokal normativ hujjatlarda belgilanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, “Uzbekistan Airways” AJ va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bayram (ishlanmaydigan) kunlarning uzaytirilishini hisobga olgan holda, respublika aholisi uchun ichki turizm va faol dam olish yoʻnalishlarini, transport va mehmonxona xizmatlari uchun chegirmalar berilishini hamda aksiyalar oʻtkazilishini tashkil etsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari:
aholining uzaytirilgan bayram (ishlanmaydigan) kunlarida maroqli va foydali dam olishini tashkil etish boʻyicha tizimli choralar koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda bayram kunlari oʻtkaziladigan tadbirlar toʻgʻrisida aholini keng xabardor qilishni taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga:
mehnat jamoalari oʻrtasida ushbu Farmonning maqsadi, mazmun-mohiyati toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
uzaytirilgan bayram kunlarida xodimlar va ularning oila aʼzolarining maroqli dam olishini taʼminlash yuzasidan kasaba uyushmalari tashkilotlarining ishini faollashtirish tavsiya etilsin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 14-noyabr
OʻzА