Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi  AXBOROTI

Maʼlumki, respublikamizning qator hududlarida eski bino va imoratlarni rekonstruksiya qilish, hududlarni obodonlashtirish, olis qishloq va tumanlar qiyofasini oʻzgartirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishda ayrim viloyatlar rahbarlari va masʼul shaxslari tomonidan koʻchmas mulk obyektlarini buzish va yer uchastkalarini olib qoʻyish bilan bogʻliq fuqarolar va tadbirkorlarning mulkiy huquqlari qoʻpol ravishda buzilishi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan yoʻl qoʻygan xatolari va qurilish ishlarini amalga oshirishda aholi va mulk egalari bilan kelishilgan tadbirlarni amalga oshirmagani uchun Qashqadaryo, Fargʻona va Xorazm viloyati xokimlari faoliyati keskin tanqid qilindi.
Roʻy bergan hodisalar doirasida bino va imoratlar egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatini yanada mustahkamlanishini taʼminlash, aholining farovon turmush kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratish, buzish va keltirilgan zararlarni qoplash mexanizmlarini tartibga solish maqsadida joriy yilning 3-avgust kuni Prezidentimizning 2019-yil 3-avgust kuni «Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining mulk huquqi kafolatlanishini soʻzsiz taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishi qabul qilindi.
Mazkur farmoyish bilan Bosh vazir rahbarligida bir oy muddatda yer uchastkalarini olib qoʻyish va mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibini belgilovchi hukumat qarori qabul qilinguniga qadar amal qiladigan tegishli joylashtirish ishlarini amalga oshirish tartibi tasdiqlandi.
Bosh vazir oʻrinbosari rahbarligida Respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi tuzilib, u ikki hafta davomida respublika boʻyicha fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zarar miqdorini xatlovdan oʻtkazadi, bozor narxidan kelib chiqqan holda uning real bahosini belgilaydi, shuningdek aholi oldidagi qarzdorlikni uzishning aniq manbalarini belgilab beradi.
Joylarga chiqqan holda vaziyatni oʻrganish, shuningdek respublikamizning ayrim hududlarida qonunga xilof hatti-harakatlar va mansabdor shaxslarning oʻzboshimchaliklari oqibatlari tahlili natijalari aniq takliflar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga kiritildi.
Shu bilan bir qatorda Prezidentimiz topshirigʻiga muvofiq yoʻl qoʻygan qoʻpol xatolari va mansab vakolatlarini suisteʼmol qilgani uchun Fargʻona viloyati Rishton tumani xokimi, iqtisodiyot va qurilish masalalari boʻyicha xokim oʻrinbosarlari, xokim va uning qurilish boʻyicha oʻrinbosari, Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumani prokurori va Urganch shahar hokimi oʻrinbosari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Qoplanishi kerak boʻlgan zarar hajmi, jabr koʻrgan aholini moddiy va maʼnaviy jihatdan toʻliq qoʻllab-quvvatlanishini taʼminlashni hisobga olgan holda viloyat xokimlari va boshqa masʼul shaxslarning darhol egallab turgan lavozimidan ozod etilishi ular uchun vaziyatdan chiqishning eng oson yoʻli boʻlib, bu borada amalga oshirilishi kerak boʻlgan ishlar uchun masʼuliyat va mavjud qiyinchiliklar ularning ishini davom ettiruvchilarga yuklanadi.
Shu munosabat bilan, davlatimiz rahbari tomonidan tegishli hududlar rahbarlarining joylarda ular tomonidan yoʻl qoʻyilgan xatoliklarni tuzatish, fuqarolarning mulkiy huquqlari va ularning hukumatga ishonchini toʻliq tiklash boʻyicha ishlarda shaxsan ishtirok etishi maqsadga muvofiq ekanligi toʻgʻrisidagi taklik qoʻllab-quvvatlandi.
Yil yakunlari boʻyicha barcha viloyatlar, jumladan Qashqadaryo, Fargʻona va Xorazm viloyatlari faoliyati tanqidiy tahlil qilinib, joylarda yuz yuzaga kelgan vaziyatni oʻnglash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar samaradorligi baholanadi.

 

OʻzA