Xabar berganimizdek, bugun poytaxtimizdagi “Oʻzbekiston” sport majmuasida karate (WKF) boʻyicha kattalar oʻrtasida Osiyo chempionati boshlandi.
Musobaqaning birinchi kunida barcha vazn toifalarida saralash bahslari oʻtkaziladi. Ertaga esa medallar uchun hal qiluvchi bellashuvlar boʻlib oʻtadi. Shuningdek, ayni pallada kata boʻyicha saralash bahslari ham oʻtkazilmoqda. Yakshanba kuni jamoaviy kumite boʻyicha gʻolib va sovrindorlar aniqlanadi.
Bugun soat 16:00da Osiyo chempionatining ochilish marosimi oʻtkaziladi. Unda sanʼat va sport bayramiga shohid boʻlasiz. Shuni taʼkidlash kerak, Tokio-2020 yozgi olimpiadasiga taqdim etuvchi ushbu musobaqada qitʼamizning eng sara va kuchli atletlari gʻoliblik uchun bahs olib borishadi.
Bundan biroz avval poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Osiyo karate federatsiyasining yangi Ijroiya qoʻmitasining yigʻilishi yakunlandi. Unda Osiyo karate federatsiyasining yangi prezidenti general Nosir Abdulrazzoq Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasi prezidenti Alamjon Mullayevni Osiyo karate federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti lavozimiga tavsiya qildi. Ijroqoʻm aʼzolari esa bir ovozdan Mullayevning nomzodini qoʻllab-quvvatlashdi va hamyurtimiz Osiyo karate federatsiyasining birinchi vitse-prezidenti etib saylandi.
OʻzA