Shavkat Mirziyoev joriy yil 9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida kelgusi yili G‘alabaning 75 yilligi bayrami oldidan Toshkent shahrining eng ko‘rkam maskanlaridan birida ushbu shonli sanaga bag‘ishlab ulkan G‘alaba bog‘i barpo etilishini ta’kidlagan edi.
Prezidentimiz topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida poytaxtimizning Olmazor tumani Shifonur, Qoraqamish, Ziyo va Keles yo‘li kesishmasida joylashgan 11,6 gektar maydonda G‘alaba bog‘i barpo etish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari Olmazor tumaniga tashrifi doirasida G‘alaba bog‘i loyihasi va qurilish konsepsiyasi bilan tanishdi.
Ushbu bog‘ni barpo etishdan maqsad yoshlarda tariximiz va madaniyatimizdan g‘ururlanish tuyg‘usini kuchaytirish, Ikkinchi jahon urushida jasorat ko‘rsatgan va Vatan ravnaqi yo‘lida fidokorona kurashgan qahramonlarimiz nomini abadiylashtirishdan iborat.
Bog‘ning asosiy kirish qismida ramziy G‘alaba arkasi o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Sobir Rahimov haykali joylashtirilgan hududning old qismida yengil konstruksiyali amfiteatr, tadbirlar o‘tkaziladigan katta sahna o‘rnatilishi mo‘ljallanmoqda.
Harbiy jang va texnikalar hududida transheya tashkil qilinib, mazkur qismga blindaj, jangchilar, ekipaj va hisoblar istehkomlari joylashtiriladi, Shuningdek, transheyaning ust qismida haqiqiy jang maydoni muhitini ochib berish maqsadida Ikkinchi jahon urushi va hozirgi davrdagi harbiy texnikalar, artilleriya qurollari, zenit qurilmalari, qurol-aslahalar va moddiy ta’minot texnik vositalari maketi joylashtiriladi.
Harbiy tayyorgarlik, sport va saylgoh hududida ochiq sport maydonchalari va tashrif buyuruvchilar sayr qiladigan joylar, aholi, xususan, yoshlarni sportga keng jalb etish maqsadida sport maydonchalari joylashtiriladi.
Bog‘ hududida muzey, kutubxona, Wi-Fi zona, amfiteatr va kinoteatr tashkil etiladi.
O‘zbek ayolining matonati timsoli sifatida Zulfiya aya Zokirova, uning urushdan qaytmagan besh farzandi hamda beva qolgan to‘rt kelini xotirasiga bag‘ishlangan “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasi o‘rnatiladi.
Bunday maskanlar yoshlarga xalqimiz tarixi, ma’naviyati va madaniyati haqida yaqqol taassurot berishi lozim, shuning uchun bog‘ konsepsiyasini puxta o‘ylab chiqib, bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishimiz kerak, dedi Shavkat Mirziyoev.
Mudofaa vazirligi, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, Toshkent shahar hokimligiga tarixchilar va jamoatchilik bilan maslahatlashib, G‘alaba bog‘ining konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Ziyodulla JONIBEKOV, O‘zA