O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev o‘z nutqida mintaqaga doir dolzarb masalalarga e’tibor qaratib, ularni hal etish bo‘yicha amaliy takliflar bildirdi. Jahon bozorida raqobat keskinlashib, ekologik va demografik muvozanatsizlik yuzaga kelayotgani, terrorizm, ekstremizm va transmilliy jinoyatchilik xavfi saqlanib qolayotganini qayd etdi.
Markaziy Osiyodagi barqarorlik va ochiqlik keng hamkorlik hamda muhim mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratayotgani ta’kidlandi. “O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” temir yo‘li qurilishi shunday muhim loyihalardan biri bo‘lib, savdo aloqalari va investitsiya oqimiga kuchli turtki beradi.
Mintaqaviy xavfsizlik masalasiga e’tibor qaratar ekan, Prezidentimiz bu ko‘p jihatdan Afg‘onistondagi vaziyatga bog‘liq ekanini qayd etdi. Ushbu sammit doirasida «ShHT – Afg‘oniston» muloqot guruhining «yo‘l xaritasi» qabul qilinishi, ushbu mamlakatning mintaqaviy hamkorlikka faol jalb etilishi muhimligini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari ShHT doirasida iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, yashil texnologiyalarni joriy etish, axborot texnologiyalari sohasida hamkorlikni mustahkamlashga doir takliflar bildirdi.