Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish 10-iyun kuni Samarqandga keldi.
Yuqori martabali mehmon O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hamrohligida Samarqand shahridagi Hazrati Xizr majmuasida bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabriga gul qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
BMT Bosh kotibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasiga tashrif buyurdi. Mehmonga mamlakatimizda fuqarolar murojaatlari bilan ishlashning qonuniy asoslari, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalq qabulxonalari faoliyati, inson huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab berildi.
Antoniu Guterrish Xalq qabulxonasidagi tibbiyot, ona va bola xonalari hamda fuqarolarni qabul qilish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Fuqarolarni qabul qilish, ularning murojaatlarini ko‘rib chiqish jarayonlarini kuzatdi.
Samarqand shahridagi “Yuksalish” mahalla fuqarolar yig‘inida BMT Bosh kotibi mahalla faollari, bu yerda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari hamda viloyatdagi milliy madaniy markazlar xodimlari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish, ularning davlat boshqaruvi idoralari bilan ijtimoiy sheriklik asosida amalga oshirayotgan ishlari haqida so‘z yuritildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida tizimda olib borilayotgan yangilik va o‘zgarishlar, ularning hudud obodligi, aholi turmush farovonligini oshirishdagi ahamiyati, fuqarolar yig‘ini qoshidagi komissiyalar faoliyati to‘g‘risida so‘zlab berildi.
Mahallada istiqomat qilayotgan o‘nga yaqin millat vakillari bir oila kabi ahil-inoq turmush kechirmoqda, milliy an’ana va qadriyatlari, urf-odatlarini asrab, davom ettirib kelmoqda.
Antoniu Guterrish bugungi kunda sayyoramizning turli mintaqalarida millatlararo kelishmovchilik va bir-birini tushunmaslik oqibatida har xil nizolar kelib chiqayotgani, bunday noxush holatlar nainki o‘sha millatlar, balki dunyo xalqlari birdamligi, xavfsizligiga tahdid solayotganini ta’kidladi. Ana shunday murakkab sharoitda O‘zbekistonda bir yuz o‘ttizdan ortiq millat va elat vakillarining ahil-inoq, hamjihat hayot kechirayotgani, mahalla instituti xalq hayotida muhim o‘rin tutayotgani tahsinga sazovor ekanini qayd etdi. O‘zbekistondagi tinchlik-osoyishtalik, barqarorlik va bag‘rikenglik muhiti BMTning asosiy maqsad va tamoyillariga to‘la mos ekanini alohida ta’kidladi.