Saida Mirziyoeva: "Mavjud kamchiliklarni tuzatmay turib, maktablarda majburiy forma talab qilishga hali erta"

O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoeva ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali Prezidentimizning Beshta tashabbusini hayotga samarali tatbiq etish masalasi xorijiy ekspertlar bilan muhokama qilinganini ma’lum qiladi. 
“Loyihaning strategik yo‘nalishlari, chet el tajribasi va undan foydalanish bo‘yicha fikr almashdik, – deya yozadi S. Mirziyoeva. –Yodingizda bo‘lsa, Beshta tashabbusni, eng avvalo, maktablardan boshlash g‘oyasi ilgari surilgan edi. O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida ayrim joylarda sharoit og‘ir ekanligi, ko‘plab maktablar ta’mirtalab, o‘quv darsliklarining yetishmasligi, kitoblar sifati juda past ekanligi, ayrim maktablarda darslar uch smenada o‘tilishini ko‘rdik.
Bu yildan boshlab majburiy yagona maktab formasi joriy etilishi rejalashtirilgan. Lekin mavjud kamchiliklarni tuzatmay turib, majburiy forma talab qilinishiga hali erta deb o‘ylaymiz.
Qisqasini aytganda, oldin sharoit, keyin talab. Albatta, bu oson ish emas”.
S. Mirziyoevaning ta’kidlashicha, izdan chiqqan ta’lim tizimini tuzatish juda katta mablag‘, bir necha yil vaqt va ilmiy yondashuvni talab qiladi. Bu yo‘lda xatolar ham bo‘lishi mumkin, chunki bu – jarayon. Biroq hozir shu ishlarni boshlamasak, ertaga masala yanada murakkablashadi.
Bu yo‘lda barchani hamjihat bo‘lib harakat qilishga chorlagan Saida Mirziyoeva mutassadi vazirlik va idoralar mutaxassislari tomonidan yuqoridagi masalalar yuzasidan Hukumatga tegishli takliflar kiritilganini ma’lum qiladi.

 

O‘zA