8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali tadbir boshlanish arafasida

Toshkentdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar zalida 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali tadbirga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan Vatanimiz ravnaqi yoʻlida samarali mehnat qilayotgan, jamiyat hayotining barcha jabhalarida fidokorona faoliyat olib borayotgan ayollar, iqtidorli qizlar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus vakillari safidagi xotin-qizlar taklif etilgan.

Tadbir doirasida tadbirkorlik, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sanʼat va boshqa sohalarda samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh ayollarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlanadi.

Bundan tashqari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan bir guruh qizlar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanadi.

Tantanali tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etishi va mamlakatimiz xotin-qizlarini tabriklashi kutilmoqda.

 

OʻzA